Avval xabar berilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning axboroti tinglandi. Unda deputatlar qator savollarni o‘rtaga tashladi.
— Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘chatlar sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan hududlarda ekilgani va buning oqibatida qurib ketgani aholi tomonidan ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi, — dedi deputat A’zamjon To‘laboyev. — Bu borada hisobotda keltirilganidek, Navoiy viloyatida 3,2 million, Toshkent viloyatida 1,9 million, Surxondaryoda 404 ming, Xorazmda 338 ming, Qashqadaryoda 336 ming, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 283 ming, Toshkent shahrida 247 ming daraxt va ko‘chatlar sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan joylarga ekilgani bois qurib qolgan. Kelgusida bunday holatlar qaytarilmasligi uchun mas’ullarga qanday choralar ko‘rildi?
— Haqiqatan ham aholi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda bu holatlar negativ tarzda muhokama bo‘ldi. Afsuski, rejani bajaraman, deb daraxtlarni nomiga ekish holatlari, albatta, juda katta kamchilik. Qonunchilikda ham jazo choralarini kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda. Endilikda avvalombor, ekiladigan har bir daraxt loyiha asosida, pudratchisi, buyurtmachisi, ya’ni, mas’ullari belgilangan, shartnoma asosida tasdiqlangan holda ekiladi.
O‘tgan davr mobaynida vazirligimiz tomonidan ko‘kalamzorlashtirish borasidagi ishlar yuzasidan 10 mingdan ortiq majburiy ko‘rsatmalar berildi. 800 dan ortiq mas’ullarga 1 milliard 200 million so‘mga yaqin jarimalar qo‘llanildi.
Bundan buyog‘iga daraxtlarni ekishda ilmiy yondashuv va loyihaga asoslangan holda, majburiyatlar belgilangan shartnoma asosida amalga oshirishga e’tibor qaratiladi, — deya javob qaytardi Aziz Abduhakimov.