O‘zbekiston musulmonlari idorasining ma’lum qilishicha, bugun — 19-iyun kuni Zulhijja oyining 1-kuni kirib kelgan.
Qoidaga ko‘ra, Qurbon Hayitining birinchi kuni Zulhijja oyining 10-kunida nishonlanadi. Demak, katta ehtimol bilan O‘zbekistonda Arafa kuni 27-iyun (seshanba), Qurbon Hayitining birinchi kuni esa 28-iyun (chorshanba) sanasiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda hozircha rasmiy xabar e’lon qilinmadi.
Dam olish kunlari qanday bo‘ladi?
2023-yilgi dam olish kunlarini belgilash to‘g‘risidagi Prezident farmonida Qurbon Hayiti kuni 29-iyunga to‘g‘ri kelishi hisobga olingan holda dam olish kunlari belgilangan edi. Ya’ni 30-iyun, juma kuni barcha uchun, 1-iyul, shanba kuni 6 kunliklar uchun dam olish kuni sifatida ko‘rsatilgan.
Endi oyning vaqtli ko‘rinishi sababli Qurbon Hayiti 1 kun oldinroq, 28-iyunga to‘g‘ri kelayotgani sababli katta ehtimol bilan Prezident farmoniga ham o‘zgarish kiritiladi. Ramazon Hayitida ham shunday bo‘lgandi va yana qo‘shimcha 1 kun barcha uchun dam olish sifatida berilgandi.
Agar o‘tgan safargi an’ana davom ettirilsa, unda o‘rtada ochiq qolib ketayotgan 29-iyun (payshanba) kuni barcha uchun dam olish kuni bo‘lishi mumkin va o‘zbekistonliklar quyidagi sanalarda ketma-ket 5 kun dam olishadi:
• 28-iyun, chorshanba;
• 29-iyun, payshanba;
• 30-iyun, juma;
• 1-iyul, shanba;
• 2-iyul, yakshanba.
Hozircha bu bo‘yicha rasmiy xabarlar yo‘q.