Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari 15-qavatdan sakrashga uringan yosh qizni qutqarib qoldi. Bu haqda Qozog‘iston OAVlari xabar bermoqda. Hodisa shaharning Imanbayeva ko‘chasidagi turar-joy binolaridan birida sodir bo‘lgani aytilmoqda.
Voqea haqida shahar FVBga "112" orqali xabar kelib tushgan. Qutqaruvchilar zudlik bilan joyga yetib borib, qo‘shni xonadon orqali yuqori qavatga chiqqat va qiz bilan suhbat o‘tkazgan. Suhbat davomida xodimlar vaziyatni to‘liq nazoratga olib, qizni xavfsiz tomonga tortib olishga muvaffaq bo‘lgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qutqarilgan qizning hayoti xavf ostida emas. Hozirda u shifokorlar va psixologlar nazoratida. Hodisaning kelib chiqish sabablari aniqlanmoqda.