Bugun 2 iyul, 2024 yil, seshanba

КИР

Qozog‘istonda SHHTga a’zo davlatlar Energetika vazirlarining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Qozog‘istonda SHHTga a’zo davlatlar Energetika vazirlarining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yil 20-21 iyun kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlar Energetika vazirlarining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda a’zo davlatlar Energetika vazirlari “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning energetika sohasidagi hamkorligini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” loyihasini ko‘rib chiqib, SHHTning navbatdagi sammitiga kiritishga kelishib oldilar.

Hujjat 2030-yilga qadar SHHTga a’zo davlatlar energetika sohasidagi hamkorligining asosiy yo‘nalishlarini nazarda tutadi. Jumladan, energiya resurslarining tranzit salohiyatini rivojlantirish istiqbollarini va eksport yo‘nalishlarini diversifikasiya qilish imkoniyatlarini belgilash; sanoatni rivojlantirish ustuvorliklari balansini yaratish bilan yangi energiya tizimini shakllantirish; an’anaviy energiya manbalarini modernizasiya qilish, sanoatni tizimli takomillashtirish; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida innovasion texnologiyalar va ilm-fanni rivojlantirish, vodorod energetikasini rivojlantirish; energiya tejash va energiya samaradorligini oshirish sohasida yangi yechimlarni joriy etish kabi muhim ishlar amalga oshiriladi.

Energetika vazirlari, shuningdek, SHHTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar, muloqot bo‘yicha hamkor mamlakatlarning energetika sektori barqarorligi va rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan yangi yondashuvlarni hamda aniq yechimlarni ishlab chiqishga ko‘maklashuvchi energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga strategik yondashuvlarni muhokama qildilar.

Vazirlar global va mintaqaviy energetika kun tartibining bugungi holati hamda rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Energetika sanoatini rivojlantirish, xususan, ushbu sohadagi loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun investisiya hamda moliyalashtirishni jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Ma’lumot uchun: Shanxay hamkorlik tashkiloti mintaqaviy tashkilot bo‘lib, a’zo davlatlar o‘rtasida muloqot va hamkorlik platformasini ta’minlaydi. Bugungi kunda SHHT dunyo yalpi ichki mahsulotining qariyb uchdan bir qismini, Yevroosiyo hududining 60 foizini va sayyoramiz aholisining 42 foizini tashkil qiladi.

SHHTga a’zo davlatlar hamkorligi doirasida energetika sektori nihoyatda muhim. Chunki u o‘zaro hamkorlikning barcha tarmoqlari, xususan, iqtisodiy sohani rivojlantirishga xizmat qiladi. SHHT energiya resurslarning yirik ishlab chiqaruvchilarini, tranzit mamlakatlar va iste’molchilarni birlashtiradi.

Kiritildi: 15:41 21.06.2024. O'qildi: 652 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!