Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov telefon orqali muloqotda Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi vaziyatni muhokama qilishdi. “Agar kerak bo‘lsa, Qozog‘iston Qirg‘izistonga gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyor”, – dedi Qozog‘iston rahbari.
Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, Tojikiston bilan chegaradagi mojaro hududidan 27 mingdan ortiq fuqarolar evakuasiya qilingan.
Qozog‘iston rahbari birodar davlat fuqarolari vafoti munosabati bilan Qirg‘iziston prezidenti va qirg‘iz xalqiga hamdardlik bildirib, Japarovga Dushanbeda bo‘lib o‘tadigan sammit muzokaralarida muvaffaqiyat tiladi. Shuningdek, Toqayev Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan ham telefon orqali suhbatlashdi. Qozog‘iston prezidenti Qirg‘iziston bilan chegaradagi vaziyatdan xavotir bildirib, o‘zaro tiyilish va vaziyatni keskinlashtirmaslik muhimligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari chegaradagi vaziyat bo‘yicha ikkinchi telefon muloqotini o‘tkazdi. Imomali Rahmon va Sadir Japarov chegaradagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha tomonlar o‘rtasida erishilgan kelishuvlarning bajarilishini muhokama qilishdi. Respublika rahbarlari sulh rejimiga to‘liq rioya qilish va qo‘shinlarni doimiy pozisiyalarga qaytarish masalalariga alohida e’tibor berishdi.
Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari chegarada harbiy texnikani tekshirish bo‘yicha komissiya tuzishga kelishib olishdi.