Bugun 18 iyun, 2025 yil, chorshanba

КИР

Qozog‘iston Afg‘onistonda temiryo‘l qurilishiga $500 million investisiya kiritadi

Qozog‘iston Afg‘onistonda temiryo‘l qurilishiga $500 million investisiya kiritadi

Qozog‘iston Afg‘onistonda temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun yirik investisiya kiritishga tayyor. Yevroosiyo taraqqiyot banki (EOTB) matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Qozog‘iston bu yo‘nalishda $500 million sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari — milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin Hirotda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytib o‘tdi.

EOTB ma’lumotiga ko‘ra, ushbu loyiha doirasida Hirot shahrida logistika va transport kompaniyasi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu tashabbus ikki davlat o‘rtasidagi savdo, yuk tashish va iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Serik Jumangarin boshchiligidagi yirik qozog‘istonlik delegasiya yaqinda Afg‘onistonga tashrif buyurdi. Delegasiya tarkibiga rasmiylar, tadbirkorlar, geologlar va konchilik sohasi mutaxassislari kiritilgan. Tashrif davomida tomonlar umumiy qiymati $140 million bo‘lgan savdo shartnomalarini imzoladi.

Shuningdek, Qozog‘iston Afg‘onistonga 36 vagon insonparvarlik yordami yubordi.

Tashrif davomida Qozog‘iston va Afg‘oniston texnik komissiya tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu komissiya Afg‘oniston hududidagi foydali qazilmalar konlarini o‘rganadi va sarmoya kiritish imkoniyatlarini baholaydi.

Jumanģarinning aytishicha, Qozog‘iston konchilik va geologiya sohasida tajribaga ega kuchli kompaniyalarga ega. Delegasiya tarkibida ERG Exploration, Kazakhmys Barlau va “Kazatomprom” kabi yirik kompaniyalar vakillari ham ishtirok etdi.

Afg‘on tomoni hamkorlikni davom ettirishga, qozog‘istonlik mutaxassislarga tadqiqotlar o‘tkazishda yordam berishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, foydali qazilmalarning tasdiqlangan zaxiralari bo‘yicha axborot taqdim etilishi mumkinligi ma’lum qilindi.

Kelishuvlarga ko‘ra, may oyining oxirida Qozog‘istondan yana bir mutaxassislar guruhi Afg‘onistonning boshqa viloyatlaridagi istiqbolli konlarni o‘rganish uchun yuboriladi.

Kiritildi: 14:28 17.05.2025. O'qildi: 700 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!