Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

Qoraqalpog‘istonda yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan 170 nafar bolada davlat hisobidan murakkab operasiyalar o‘tkazilmoqda — SSV

Qoraqalpog‘istonda yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan 170 nafar bolada davlat hisobidan murakkab operasiyalar o‘tkazilmoqda — SSV

Yaqinda Toshkent va Samarqandning eng mohir kardioxirurglari 170 nafar bemorda yurak jarrohligi amaliyotini o‘tkazish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasiga keldi.

Shifokorlar dastlab Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutining innovasion klinikasida bemorlarni tekshiruvdan o‘tkazdi. Shu joyning o‘zida 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarda murakkab operasiyalarni bajarishga kirishildi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shuningdek, yuqori texnologik muolajalarning bir qismi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida o‘tkazildi.

Natijada qanchadan qancha ehtiyojmand oilalarning bemor farzandlari uzoq yillik dardidan sanoqli soatlarda xalos bo‘lib, yana sog‘lom hayotga qaytdi.

Ra’no Xalmuratova qizi Elenora Kenesbayevaning xastaligidan jiddiy tashvishda edi. Jigarbandi 15 yildirki tug‘ma yurak nuqsonidan aziyat chekib keladi.

Ammo zarur mablag‘ jamg‘ara olmagani tufayli farzandini Toshkent shahriga davolatish uchun olib borishga imkon topolmayotgan onaning ko‘ngli endi xotirjam.

Nukusga kelgan shifokorlar Elenorada uzoq yillar orziqib kutilgan murakkab operasiyani bepul va eng muhimi, muvaffaqiyatli bajarishdi.

— Har yili o‘g‘il-qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, kasallikka chalinganlarni ro‘yxatga olyapmiz, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Alima Matkarimova.

— Muassasamizga Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning Samarqand hududiy filialidan yetakchi mutaxassislar kelgani bemorlar uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qildi.

Birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan oila farzandlariga e’tibor qaratilib, ularda murakkab kardioxirurgik amaliyotlar o‘tkazilyapti.

— Bu bizning Qoraqalpog‘istonga ikkinchi tashrifimiz, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori Maqsud Saidov. — Joriy yilning mart oyida birinchi marta Nukusda yurak operasiyalarini amalga oshirgandik.

Bu galgi operasiyalar ham to‘liq davlat hisobidan bajarilyapti.

Kiritildi: 16:19 26.07.2022. O'qildi: 1691 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!