Qirg‘izistonda qonunchilik darajasida jamoat joylarida yuzni to‘liq yashiruvchi paranji kiyishni taqiqlashni joriy etish taklif qilinmoqda. Bu haqda 7 sentyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi yig‘ilishida deputat Sharapatkan Majitova ma’lum qildi, deb xabar beradi Kazinform.
Parlament a’zosi fikriga ko‘ra, so‘nggi paytlarda mamlakatda yuzini butunlay berkituvchi paranji kiyigan ayollar soni ko‘paygan. SH.Majitova Qirg‘iziston ham O‘zbekistondan o‘rnak olib, jamoat joylarida yuzni berkituvchi va shaxsni aniqlashga imkon bermaydigan kiyim kiyishni taqiqlovchi qonunni qabul qilishi kerak, deb hisoblaydi.
«Men ayollarning ro‘mol o‘rashiga qarshi emasman. Shu bilan birga, jamiyatning o‘zini tanishiga yo‘l qo‘ymay, yuzlarini qora parda ostida to‘liq yopishni xavfli deb bilaman. Bu milliy xavfsizlikka ta’sir qilishi mumkin. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasidan davlat darajasida chora ko‘rishni so‘rayman», – dedi deputat.