Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati mamlakat maktablarida vahima tugmalarini joriy etish, videokuzatuv va favqulodda aloqa tizimlari kengaytirilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi, deb yozadi Kloop.kg.
📋Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bunga ta’lim muassasalarida jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani sabab bo‘lgan. Oxirgi oyning o‘zida uch nafar maktab o‘quvchisi vafot etdi:
21 yanvar kuni Bishkek maktablaridan birida o‘rta maktab o‘quvchilari 8-sinf o‘quvchisini kaltaklagan; u reanimasiyada vafot etgan.
22 yanvar kuni Kant shahridagi maktablardan birining 16 yoshli o‘quvchisi mushtlashuvdan so‘ng kasalxonaga yotqizilgan va reanimasiyada hushiga kelmay vafot etgan.
12 fevral kuni O‘sh viloyatida 9-sinf o‘quvchisi mushtlashuv qurboni bo‘ldi.
Bishkek meriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yili boshidan buyon birgina poytaxt maktablarida 41 ta mushtlashuv sodir bo‘lgan.
Ayni vaqtda maktab o‘quvchisining janjaldan keyin kasalxonaga yotqizilgani bilan bog‘liq yangi holat xabar qilinmoqda. 14 fevral kuni O‘sh viloyatida o‘n birinchi sinf o‘quvchilari o‘rtasidagi mushtlashuv natijasida o‘quvchilardan biri kasalxonaga yotqizilgan edi.