Qirg‘iz-tojik chegarasiga oid muammoli masalalar hal bo‘lguncha Qirg‘izistonning Tojikiston bilan davlat chegarasi orqali o‘tib-qaytish to‘liq to‘xtatiladi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Ulug‘bek Maripov chegara yaqinidagi tumanlar aholisi bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb yozadi Asia-Plus.
«Muammoli masalalar hal bo‘lguncha Tojikiston Respublikasi bilan davlat chegarasi orqali harakatni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi», — dedi Maripov uchrashuvda.
Uning ta’kidlashicha, chegara muammosi bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib, uni hal qilish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Chegarani aniqlash va belgilash masalalarini hal qilish bilan bir qatorda, Qirg‘iziston o‘z chegaralarini mustahkamlashni oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
«Buning uchun chegarachilarimizga barcha zarur sharoitlarni yaratib beramiz. Davlat chegarasini mustahkamlashda mahalliy aholi ham muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun men sizni sabr qilishga va vaziyatni tushunishga chaqiraman. Chegarada yashash nimaligini faqat shu yerda yashagan va yashayotganlar biladi. Men hamisha bu odamlarni qahramonlar deb ataganman. Yana bir bor takrorlayman: bizning asosiy maqsadimiz — oddiy odamlar hayotini yaxshilash. Buning uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarga bosqichma-bosqich, birgalikda erishamiz », — dedi Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi aholiga.
Tojikiston rasmiy organlari ushbu masala bo‘yicha hali izoh bermagan.
Qirg‘iziston hukumati chegaradan kimlar o‘tishi mumkinligiga aniqlik kiritdi:
Shu bilan birga, Tojikiston hududida bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarolari Qirg‘izistonga qaytib kelishi mumkinligi va Qirg‘iziston hududidagi Tojikiston fuqarolari qirg‘iz-tojik chegarasidagi nazorat punktlari orqali Tojikistonga jo‘nab ketishi mumkinligi haqida xabar berilgan.
Ma’lumot uchun, ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara pandemiya tufayli 2020 yil martida yopilgan edi. Ammo epidemiologik talablarga muvofiq, yuk tashuvchi transport vositalari, shuningdek, Tojikistonning ayrim fuqarolariga chegarani kesib o‘tish uchun ruxsat berilgan. Masalan, Rossiya va Qirg‘iziston o‘rtasida havo yo‘li ochilgandan so‘ng chiptalar arzonligi sababli tojikistonliklar uyiga qaytish uchun ushbu reyslardan foydalangan. Ular Rossiya shaharlaridan Qirg‘iziston aeroportlariga uchib kelib, u yerdan quruqlik yo‘llari bilan Tojikistonga o‘tib ketgan. Mojarodan avval ushbu harakatlarga hech qanday to‘siq bo‘lmagan.
Chegara aholisining so‘zlariga ko‘ra, chegarada qurolli mojaro boshlangandan so‘ng, 29 apreldan boshlab tojik-qirg‘iz chegarasida harakatlanish to‘xtatilgan. Chegarani kesib o‘tishda muammolar, xususan, yuk mashinalari haydovchilari o‘rtasida paydo bo‘lgan. Ba’zi xabarlarga ko‘ra, Tojikistonga mol olib ketayotgan o‘nlab tojik va qirg‘iz yuk mashinalari Qirg‘izistonda qolib ketgan.
«Ozodi» radiosining xabar berishicha, 14 may holatiga ko‘ra, tojik va qirg‘iz raqamlariga ega 57 ta yuk mashinasi Qirg‘iziston hududida «garovda» qolgan.