Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Batken viloyatining Batken tumani aholisi bilan uchrashuvda oilasini ajrimdan keyin hech narsasiz qoldirib ketayotgan erkaklarni tanqid qildi. Uchrashuvda ayollardan biri turmush o‘rtog‘i bilan qonuniy nikohda bo‘lgan paytida boshqa ayolga uylanganini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng u nikohni bekor qilish va mol-mulkni taqsimlash bo‘yicha sudga murojaat qilgan. Biroq erkak o‘zi sodir etgan, ayol bexabar bo‘lgan huquqbuzarliklarni uning zimmasiga yuklashga uringan. Bundan tashqari, u ayolni hujjatlarni soxtalashtirishda ayblab, go‘yoki nikoh guvohnomasini soxtalashtirgani va uning mol-mulkini tortib olishga harakat qilayotgani haqida ariza yozgan.
«U taniqli tadbirkor, sudyalarga pora beradi», — dedi ayol. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda uch nafar farzandi bilan o‘zi yashab turgan uydan istalgan vaqtda haydalishi mumkin. Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Adilbek Biybosunov esa ajrim jarayonida erkakning ukasi keliniga qarshi yolg‘on ko‘rsatma berganini ma’lum qildi. Ayol qaynisiga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Ayni paytda ushbu holat yuzasidan tergov olib borilmoqda.
Sadir Japarov huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarni ishga adolatli yondashishga chaqirdi.
«Demak, ayol uch nafar farzandi bilan ko‘chada qolibdi, erkak esa ikkinchi xotini bilan xotirjam yashayapti? Buning ustiga, u xotiniga qarshi ko‘rsatma berishni o‘z ukasidan so‘rayapti. Bu qanday bo‘lishi mumkin? Bu adolatdan emas!
Bu ishni nazoratga oling, ayolga yordam bering. Demak, u pul tarqatib, hamma masalani hal qilyaptimi? Agar ikkinchi xotinga uylanmoqchi bo‘lsa, birinchi xotiniga hamma narsani qoldirib, o‘zi hech narsasiz ketishi kerak edi. Erkaklar butunlay buzilib ketibdi! Yaponiyada ajrimlar deyarli uchramaydi. Chunki qonunda oilasini tark etgan erkak sobiq xotini va farzandlarini umrbod ta’minlashi belgilangan. Ikkinchi xotinga uylandingmi, demak, ikkalasini ham ta’minlashing kerak», — dedi Prezident.
Ayol, shuningdek, turmush o‘rtog‘i ikkinchi xotini bilan nikohdan o‘tgani haqida guvohnoma olganini ma’lum qildi.
«Ko‘p xotinlilik uchun bizda javobgarlik belgilangan. Milisiya, prokuratura, unga yordam beringlar. Uni o‘zingiz chaqirib, vijdoniga havola qilishingiz, «Sizda uyat degan narsa bormi o‘zi?» deb so‘rashingiz mumkin edi. Hech bo‘lmasa, bolalari haqqi-hurmati, uyni ayolga qoldirishga yordam bering», — deya davlat organlariga topshiriq berdi Sadir Japarov.