Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov amerikalik senatorning Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berganlikda ayblashini Bishkek ishlariga aralashishga urinish sifatida baholadi, deb yozadi Qirg‘izistondagi Economist.kg nashri.
Avvalroq Senatning tashqi aloqalar qo‘mitasi rahbari Bob Menendez Qirg‘iziston hukumatini Rossiyaga sanksiyalardan qochishga yordam berishni to‘xtatishga chaqirgan edi.
Prezident Sadir Japarov bunga javoban Qirg‘iziston Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bermoqda, deb o‘ylashga asos yo‘qligini aytdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bunga ishonish uchun hech qanday sabab va asos yo‘q.
“Rossiya va Xitoy kichik Qirg‘izistonga qaram emas. Bu davlatlar allaqachon qo‘shni. Ular orasida 4000 kilometr umumiy chegara mavjud. Agar Rossiya istasa, dengiz orqali vagon yoki barjalarda xohlagan tovarlarini olib kelishi mumkin”, — dedi Japarov.
Bundan tashqari, Japarov Bishkek neytral pozisiyaga amal qilishini aytib, Menendesning maktubini Qirg‘izistonga bosim o‘tkazishga urinish sifatida baholadi.
“Menga ko‘plab taniqli siyosatchilardan xatlar keladi. Men buni Qirg‘izistonga bosim o‘tkazish va bizni o‘z tomoniga tortish uchun oddiy bahona deb bilaman. Ammo biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz mustaqil davlatmiz. Biz barcha davlatlar bilan teng huquqli munosabatlarni davom ettiramiz. Biz ko‘p vektorli tashqi siyosat olib boramiz”, — dedi Prezident Japarov.