Qirg‘iziston prezidenti respublika rasmiylarini Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berishda ayblagan amerikalik senatorga javob qaytardi.
Avvalroq Senatning tashqi aloqalar qo‘mitasi rahbari Bob Menendes Qirg‘iziston hukumatini Rossiyaga sanksiyalardan qochishga yordam berishni to‘xtatishga chaqirgan edi.
Sadir Japarov bunga javoban Qirg‘iziston Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam bermoqda, degan fikrga asos yo‘qligini aytdi:
"Rossiya va Xitoy kichik Qirg‘izistonga qaram emas. Bu davlatlar qo‘shni. Ularning o‘rtasida 4 ming kilometr umumiy chegara bor. Rossiya istasa, dengiz orqali vagon yoki barjalarda xohlagan yukini olib o‘tishi mumkin.
Ha, Qozog‘istonda Qirg‘iziston kompaniyasiga tegishli dron ko‘rinishidagi yuk qo‘lga olindi. Kompaniyaning tushuntirishicha, bu dronlar qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan. Ammo, shunga qaramay, endi biz dronlarni eksport qilishni taqiqlaymiz. Biz mustaqil davlatmiz. Biz barcha davlatlar bilan teng sharoitda bo‘lishda davom etamiz. Biz ko‘p vektorli siyosat olib boramiz”.