Qozog‘istonning Kazinform agentligi xabar berishicha, noqonuniy migrasiyaga qarshi kurash doirasida Qirg‘izistonda 10 iyundan keyin barcha huquq-tartibot idoralari ishtirokida “Nolegal” operasiyasi boshlanadi. Shu munosabat bilan xorijliklarga mamlakatdagi maqomini qonuniylashtirish yoki mamlakatni tark etish tavsiya etildi.
Qirg‘iz Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 5 mingga yaqin noqonuniy migrant bor. Joriy yil boshidan buyon Qirg‘izistonga 61 ming sayyoh, 30 ming talaba, 12 ming rasmiy mehnat muhojiri va boshqa toifadagi 10 ming xorijiy fuqarolar tashrif buyurdi.
— Ko‘plab xorijliklar va ularning homiylari kirishning soddalashtirilgan tartibini suiiste’mol qilishmoqda. Ular Qirg‘izistonga sayyoh yoki talaba sifatida keladi va aslida noqonuniy mehnat bilan shug‘ullanadi. Ish beruvchilar chet elliklarni davlat bojini to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun o‘z vaqtida vizasi uzaytirilmasdan ishga oladi, bu migrasiya qonunchiligini buzish hisoblanadi, — deya xabar beradi MXDQ.
Mamlakatga noqonuniy mehnat muhojirlarining ommaviy kirib kelishining oldini olish, migrasiya ruxsatnomalarini berish va rasmiylashtirishda korrupsiyaga chek qo‘yish, migrasiya oqimlarini tartibga solish va takomillashtirish maqsadida Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining 2020 yil 21 yanvardan boshlab “Qirg‘iz Respublikasida migrasiya jarayonlarini optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni amalga oshirilmoqda.
Mazkur farmonga ko‘ra, migrasiya qonunchiligini buzgan holda Qirg‘izistonda bo‘lgan barcha chet el fuqarolari 2025 yilning 10 iyuniga qadar o‘z maqomini qonuniylashtirishi yoki mamlakatni tark etishi shart.
Avvalroq chet el fuqarolari Qirg‘izistonda noqonuniy migrasiya uyushtirayotgani xabar qilingan edi. 2024 yil 5 sentyabrdan boshlab xorijiy fuqarolarni vizasiz rejim bilan ro‘yxatga olishning yangi tartibi kuchga kirdi.Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalari rektorlarining xorijlik talabalarga nisbatan shaxsiy javobgarligi kuchaytirilgan edi.