«Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Pekindan qaytgan yo‘lovchi qiymati 145 million so‘mlik, Dubaydan qaytgan yo‘lovchi esa 60 million so‘mlik qimmatbaho soatni “yashil” yo‘lak orqali olib o‘tishga uringan. Oqibatda yo‘lovchilar “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara-bojxona posti xodimlari tomonidan to‘xtatib qolingan.
Ma’lumot o‘rnida, har ikkala holatda ham soatlar jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni bojsiz olib kirish me’yoridan ortiqcha bo‘lgan.
Bundan tashqari, “Istanbul-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan yo‘lovchi esa ruxsat etilgan 65 gr og‘irlikdagi zargarlik buyumlaridan tashqari yana 40 gr tilla taqinchoqlarni olib kirishga uringan vaqtida ushlangan.
Aniqlanishicha, yo‘lovchi ushbu qiymati 50 million so‘mlik zargarlik buyumlarini cho‘ntagiga yashirgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, jismoniy shaxslarga shaxsiy ehtiyoj uchun 65 gr gacha og‘irlikdagi zargarlik buyumlarini bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi. Ammo, bu tovarlarni bojsiz olib kirishning umumiy me’yorlari doirasida bo‘lishi kerak.