Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Qashqadaryolik fuqaro to‘rt nafar IIB xodimi ko‘z o‘ngida pichoqlandi

Qashqadaryolik fuqaro to‘rt nafar IIB xodimi ko‘z o‘ngida pichoqlandi

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida 32 yoshli fuqaro to‘rt nafar IIB xodimining ko‘z o‘ngida pichoqlandi. Bu haqda «Daryo»ga jabrlanuvchi Dilshod Marqayev ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, voqea 2020 yil 4 oktyabr kuni Chiroqchi tumanining «Jar» qishloq fuqarolar yig‘inida sodir bo‘lgan.

«2020 yil 4 oktyabr kuni ‘Jar’ qishloq fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan sport majmuasidagi jihozlarimni Qarshi shahriga olib ketish maqsadida ikkita yuk avtomobilini olib bordim va ishchilar bilan birga yuklarni ortayotgandik. Shu payt spirtli ichimliklar sotuvchi do‘konning ayol kishi bo‘lgan egasi yonimga kelib, do‘konga kirishimni aytib gaplashib olamiz, dedi. Shunda men spirtli ichimlik sotiladigan do‘konga kirmasligimni aytdim. U ayol meni har xil gaplar bilan haqorat qilib, yuzimga urdi. Nega bunaqa gap deyapsan, qachondan beri aroq sotiladigan do‘konga kirmay qolding, deya to‘polon qila boshladi», — deydi voqea haqida gapirgan Dilshod Marqayev.

 

Murojaatchining ma’lumot berishicha, u do‘konchi ayol bilan tortishib qolgach, ayolning Sirojiddin ismli o‘g‘li va uning uch nafar tanishi Dilshod Marqayevning yoniga borib, pastga tushing gaplashib olamiz, degan.

«Men ularga ishlayotganimni aytib, bormasligimni bildirdim. Borasiz deyishgach, meni bu yerdan sen tugul boshqa birov ham tushirolmaydi, dedim. Shunda ular qaytib ketishdi va biroz o‘tgach, ikki nafar IIB xodimi bilan keldi. IIB xodimlari hech qanday hujjat ko‘rsatmay, pastga tushing ustingizdan shikoyat bor, deyishdi», — deydi jabrlanuvchi Dilshod Marqayev.

Murojaatchi Marqayevning qo‘shimcha qilishicha, voqea joyiga yana ikki nafar IIB xodimi kelib, jami to‘rt nafar xodim uni xizmat mashinasida taxminan 1 kilometr uzoqlikka olib ketgan.

«IIB xodimining xizmat mashinasida taxminan bir kilometr yurganimizdan so‘ng ikkita bino o‘rtasiga to‘xtadik. Men bo‘limga olib bormaysizlarmi deganimda, mashinada gaplashaveramiz, deyishdi. Men mashinaning old o‘rindig‘ida edim. IIB xodimlarining biri rulda, ikkinchisi mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgandi. Gaplashib turgandik. Shu payt mashina eshigi ochilib, kimdir orqamdan belimga pichoq urdi. Tushishga harakat qilganimda yana pichoq urishdi. Bu safar pichoq orqa dumbamga sanchildi. Qo‘shimchasiga pichoqni tepib sindirib yubordi. IIB xodimlari esa voqealarni faqat tomosha qilish bilan kifoyalandi», — deydi Dilshod Marqayev.

Jabrlanuvchining aytishicha, pichoqdan yaralangach, qon keta boshlagan. Shunda u IIB xodimlariga tez yordam chaqirishini aytib, baqira boshlagan. Shunda atrofga odamlar to‘plana boshlagach, IIB xodimlari bemorni xizmat mashinasida tuman shifoxonasiga olib borgan va tez orada yo‘q bo‘lib qolishgan.

«Yaralanganimni ko‘rgan IIB xodimlari tez yordam ham chaqirmay, tomoshabin bo‘lib turishdi. Ularga tez yordam chaqirib bering, deb baqirdim. Atrofda odamlar to‘plana boshlagach, Orif va Sardor ismli IIB xodimlari meni tuman shifoxonasiga olib ketishdi. Meni shifoxonaga tashlab, qochib ketishibdi. Shifokorlar sizni kim olib keldi, deya izlab qolishdi. Kameraga tushgan bo‘lsa kerak deb izlashdi va IIBga xabar berishdi», — deydi jabrlanuvchi.

Ayni paytda bemorni davolayotgan shifokor viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokori Berdimurod Yangiboyev bemorning bel va dumba qismiga pichoq sanchilganini, dumbaga sanchilgan pichoq chuqur iz qoldirganini va aynan shu jarohat og‘irligini bildirdi.

«Hozirda bemorning ahvoli o‘rta holatda. Dumbaga urilgan pichoq chuqur iz qoldirgan. Ammo birinchi yordam ko‘rsatilib, yara o‘rni tikilgan. Lekin hozirgacha yiringli aralashma kelib turibdi», — deydi shifokor Berdimurod Yangiboyev.

Murojaatchi Dilshod Marqayev uning hayotiga qasd qilmoqchi bo‘lganlar ishi o‘rganilmayotganini, IIB xodimlari aybdorlarga sherik bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Mazkur voqea bo‘lib o‘tganini tasdiqlagan viloyat IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova voqea ishtirokchilari ko‘pligi bois profilaktika inspektorlarining kuchi yetmaganini aytdi.

«Haqiqatan ham ikkinchi tomon qo‘lidagi pichoq bilan Dilshod Marqayevni yaralagan. Holat rasmiylashtirilib, ekspertiza tayinlangan. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Ekspertiza xulosasi bilan ish tergovga o‘tadi», — dedi Iroda Rasulova.

Viloyat IIB axborot xizmati voqea haqida tez orada batafsil ma’lumot berilishini qo‘shimcha qildi.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz, deb yozadi "Daryo".

Kiritildi: 14:52 07.10.2020. O'qildi: 5281 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!