Bugun 16 yanvar, 2025 yil, payshanba

КИР

Qarshida vaqtincha saqlash hibsxona faoliyati to‘xtatildi

Qarshida vaqtincha saqlash hibsxona faoliyati to‘xtatildi

1 nafar xodim lavozimidan ozod etildi va 9 nafariga intizomiy chora ko‘rildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) xabar bershicha, Qarshi shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarmasi, Qarshi va Koson tumanlari ichki ishlar bo‘limlarining vaqtincha saqlash hibsxonalarida shaxslarni saqlash sharoitlari belgilangan me’yoriy talablarga javob bermasligi kuzatilgandi.

Kameralarning ta’mirtalab holatga kelib qolganligi, shu bilan birga tabiiy va sun’iy yorug‘lik tizimi, sanitariya-gigiyena holati, havo almashtirish tizimi talab darajasida emasligi kabi qator kamchiliklar qayd etildi.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Ombudsman tomonidan Ichki ishlar vazirligiga taqdimnoma kiritildi.

Ma’lum qilinishicha, taqdimnoma asosida ayrim kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan. Jumladan, vaqtincha saqlash hibsxonalaridagi kameralarni ko‘zga ziyon yetkazmaydigan holda o‘qish yoki yozish uchun yetarli tabiiy va sun’iy yorug‘lik bilan ta’minlash, isitish hamda boshqa tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, Qarshi tuman ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash hibsxonasi faoliyati to‘xtatilib, saqlanayotgan shaxslar kapital ta’mirlangan Kasbi tuman ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash hibsxonasiga ko‘chirildi.

Ombudsman tomonidan bildirilgan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etmagan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, 1 nafar xodim lavozimidan ozod etildi va 9 nafar xodimning xatti-harakatlari “Intizomiy kengashlar” tomonidan ko‘rib chiqildi.

Ayni paytda vazirlik tomonidan vaqtincha saqlash hibsxonalari sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda. Kameralar va yuvinish xonalarini kerakli jihozlar bilan ta’minlash va sanitariya talablariga muvofiqlashtirish ishlari davom etmoqda.

Kiritildi: Bugun 02:41. O'qildi: 548 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!