Bugun 7 iyul, 2025 yil, dushanba

КИР

Qalb qorayishiga sabab bo‘luvchi omillar

A A A
Qalb qorayishiga sabab bo‘luvchi omillar

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bandaning har bir amali uning qalbiga ta’sir qiladi. Agar yaxshi amal qilsa, banda qalbi ravshanlashadi, dilidagi g‘uborlar tarqaladi. Banda gunoh sodir etganda qalbi qorayadi. Bu narsa uning tabiatida, xulq-atvorida namoyon bo‘ladi.

Gunohlar ta’sirida qorayib, qotib qolgan qalbga na bir nasihat va na yaxshi so‘z ta’sir qiladi. Bunday qalb o‘z sohibini g‘aflat sari sudray boshlaydi va hatto borib-borib kishini insonlik maqomidan hayvonlik darajasiga tushirib qo‘yadi.

Alloh taolo aytadi:

Bas, qalblari Allohning zikridan qotib qolgan kimsalarga halokat bo‘lgay! Ular ochiq zalolatdadirlar! (Zumar, 22).

Oyatda Allohning zikridan g‘ofil bo‘lish, Qur’on, namoz va shu kabi zikrlardan uzoqda bo‘lish bandani halokatga boshlashi ta’kidlanmoqda.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘z hadislarida qalb qorayishiga, uning qattiqlashishiga sabab bo‘luvchi omillarni ochiq-oydin bayon qilib berganlar. Bular:

1. Allohning zikridan xoli bo‘lgan so‘zlarni ko‘p gapirish.

Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: Allohning zikridan xoli bo‘lgan so‘zlarni ko‘paytirmanglar! Zero Allohning zikridan xoli bo‘lgan so‘z qalbni qotiradi. Shubhasiz, insonlar ichida Alloh taolodan eng uzoq bo‘lgani qattiq qalb (sohibi)dir (Termiziy, Bayhaqiy va Ibn Mardavayh rivoyati).

Rivoyat qilinishicha, Iso alayhis-salom havoriylarga qarata shunday nasihat qilgan: Allohning zikridan xoli bo‘lgan so‘zlarni ko‘p gapirmanglar. Agar shunday qilsangiz, qalblaringiz qotib qoladi. Qalbi qattiq bo‘lgan banda Allohdan uzoqdir, ammo u buni sezmaydi (Ahmad Az-zuhd da rivoyat qilgan).

Tildan yaxshi so‘z chiqsa, til Allohni zikr qilsa, qalb orom oladi, ko‘ngil jilolanadi, dildagi g‘illu g‘ashlik tarqaladi. Agar til behuda so‘zlarni gapirsa, bu narsa qalbga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Til orqali qilingan gunohning qora dog‘lari qalb oynasini xiralashtiradi.

2. Ovqat yeb bo‘lgach, hazm bo‘lmasidan avval uyquga ketish.

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: Ovqatni yeb bo‘lgandan so‘ng tezda uyquga yotish qalbni qotiradi , deganlar (Ibn Mardavayh rivoyati).

Oisha roziyallohu anhodan qilingan rivoyatda Nabiy sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar: Taomlaringizni Allohni zikr qilish va namoz o‘qish bilan eritinglar (ya’ni, hazm qilinlar). Zinhor (taomdan so‘ng) uxlamanglar! Aks holda qalblaringiz qotib qoladi (Bayhaqiy, Tabaroniy, Abu Nuaym, Ibn Mardavayh, Ibn Sunniy, Uqayliy va Ibn Adiy rivoyati).

Taom yegandan so‘ng uyquga ketish ko‘pgina kasalliklarga sabab bo‘lishi hammamizga ma’lum. Ushbu rivoyatda bu narsa nafaqat moddiy, balki ma’naviy kasalliklarga, xususan qalb qattiqlashishiga sabab bo‘lishi aytilmoqda.

3. Shahvat va o‘yin-kulgularga ruju’ qo‘yish.

Oisha roziyallohu anho Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: Uch narsa qalbning qotishiga sabab bo‘ladi: taomga hirs qo‘yish, uyqu va rohat-farog‘atni yaxshi ko‘rish (Ibn Mardavayh va Daylamiy rivoyati).

Shuningdek, gunohi kabiralar sodir etish, kichik bo‘lsa-da, gunohlarda bardavom bo‘lish, sababsiz kulish, nomahramlardan ko‘zni tiymaslik, halol va haromga bee’tibor bo‘lish, Qur’oni karim tilovatidan uzoq bo‘lish, ilmga ahamiyatsizlik, kitob mutoaala qilmaslik, xullas Allohga ma’siyat bo‘ladigan har qanday amal, hatto muboh sanalgan amallarni davomiy suratda, ketini uzmay qilaverish ham banda qalbining qattiqlashib, shu’urining o‘tmaslashishiga, basirat ko‘zining xiralashishiga sabab bo‘ladi. Shu sabab yuqorida sanalgan amallardan uzoq yurib, qalbimiz sog‘lig‘i yo‘lida harakat qilishimiz lozim.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 11:06 06.03.2019. O'qildi: 9446 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!