CNN nashrining yozishicha, Rossiyaning gibrid hujumlari nazoratdan chiqsa, G‘arbning keskin javobi Putin uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa so‘nggi haftalarda turli gibrid hujumlar va provokasiyalar bilan to‘qnashmoqda. Bu jarayonda ayrim holatlarda aniq dalillar bo‘lmasa-da, ko‘pchilik tahlilchilar Kremlni «ko‘rinmas front» orqali agressiya yuritishda ayblamoqda.
Daniya bosh vaziri Mette Frederiksenning ta’kidlashicha, gibrid hujumlar Yevropaning yangi realligiga aylanmoqda. Oxirgi haftalarda NATO davlatlariga qarshi Rossiyaning turli harakatlari qayd etildi: Polshaga yo‘naltirilgan 20 dan ortiq dron, Estoniya havo hududini 12 daqiqaga buzish, aeroport va infratuzilmalarga kiberhujumlar, shuningdek, Daniya yaqinida transponderlari o‘chirilgan Rossiya harbiy kemasi.
Hech bir hodisa rasman tasdiqlanmagan, ammo aynan shu noaniqlik Kreml strategiyasining bir qismi hisoblanadi: shubha uyg‘otish, jamiyatda ishonchsizlik va himoyasizlik hissini kuchaytirish.
Evropa bu tahdidlarga javob berishga kirishgan. Daniya Ukrainaga F-16 uchoqlarini yo‘llayapti, dron ishlab chiqarishda yordam bermoqda va yangi havo mudofaa tizimlarini tayyorlamoqda. Britaniya va Polsha esa Rossiya diversiyalari, omborxonalar yoqilishi va jinoyatchilar orqali sabotaj uyushtirilishini qayd etgan.
Biroq eng katta muammo — iqtisodiy samaradorlik. Masalan, 30 minglik dollarlik dronni yiqitish uchun millionlab dollar turishi mumkin bo‘lgan raketa ishlatiladi. Bu G‘arb davlatlarini doimiy tanlov oldiga qo‘yadi: xavfsizlik uchun katta mablag‘ sarflash yoki xavfga yuz tutish.
CNN yozishicha, gibrid urush nazoratdan chiqsa, Putin uchun oqibat halokatli bo‘lishi mumkin. Chunki diversantlarning xatosi NATO hududida fuqarolar halokatiga olib kelishi ehtimoli bor. Bu esa G‘arbning ortiqcha yoki oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan javob choralarini keltirib chiqaradi.
Rossiya esa bu hujumlarning birortasi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmasdan kelmoqda. Barchasi Ukrainaning prokvokasiyasi ekanligini ta’kidlamoqda.