Rossiya 2026 yildan barcha jamoat belgilarini faqat rus tilida yozishni talab qiladi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin jamoat joylaridagi belgilar, ko‘rsatkichlar, ma’lumot lavhalari va boshqa vizual axborot vositalarida xorijiy so‘zlardan foydalanishni taqiqlovchi yangi qonunni imzoladi. Bu haqda Moscow Times xabar berdi.
Yangi qonun matni Rossiyaning rasmiy huquqiy portallarida e’lon qilindi. Unga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan boshlab barcha reklama, yozuv va jamoat axborotlari faqat rus tilida taqdim etilishi lozim. Masalan, «sale», «shop» kabi xorijiy so‘zlardan foydalanish taqiqlanadi. Xorijiy tildagi axborot faqat vizual dizayn talablariga to‘liq mos kelgan taqdirdagina ruxsat etiladi.
Shuningdek, turar joy majmualari va boshqa ob’ektlarga xorijiy nom berish ham man etiladi. Barcha nomlar kirill alifbosida yozilishi shart. Biroq ushbu cheklov kompaniya nomlari, tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilariga taalluqli emas, chunki ularning asl talaffuzi saqlanishi kerak.
Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin ushbu qonunni «rus tilini himoya qilishdagi ilk jiddiy qadam» deb atadi. Unga ko‘ra, bu qonun ko‘chalarda xorijiy yozuvlar sonini sezilarli darajada kamaytiradi.
Putin 5 iyun kuni tildagi «vulgar va mexanik o‘zlashmalar»dan xalos bo‘lishga chaqirgan edi. U o‘z chiqishida bunday o‘zlashmalar tilni boyitishi o‘rniga uning ma’nosini buzishini ta’kidlagan. Prezident jamoat joylarida latin va boshqa alifbolar o‘rniga kirill yozuvidan keng foydalanish zarurligini ham aytib o‘tgan.