G‘azo sektori gumanitar falokatni boshidan kechirmoqda, hatto insonparvarlik yordamini ham taqiqlash qarori vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvada Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Putin Rossiya an’anaviy tarzda Falastin bilan munosabatlarga katta ahamiyat berishini ta’kidladi.
💬 "Xalqlarimizni mustahkam do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Biz Falastin-Isroil mojarosi hududida 51 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan fojiali voqealarni xavotir va hamdardlik bilan kuzatmoqdamiz. G‘arbiy sohilda ham keskinlik kuchaymoqda. G‘azo sektori to‘liq ma’noda gumanitar falokatni boshidan kechirmoqda", - dedi u.
Prezident Rossiya muntazam ravishda insonparvarlik yordami ko‘rsatayotganini ta’kidladi. O‘tgan yil davomida G‘azoga 800 tonnadan ortiq insonparvarlik yordami - oziq-ovqat, dori-darmon va zaruriy narsalar yuborilgan.
“Biz mintaqada barqaror tinchlikka faqat ikki xalq uchun ikki davlat barpo etilishini nazarda tutuvchi umume’tirof etilgan xalqaro-huquqiy asosdagina erishish mumkinligiga doimo amin bo‘lganmiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Putinning ta’kidlashicha, Rossiya insonparvarlik yordamini ta’minlash va Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayonini qayta tiklashni izchil qo‘llab-quvvatlaydi.
"Afsuski, vaziyat yomonlashmoqda, men hozirgina gumanitar inqiroz, falokat haqida gapirdim va bu, albatta, hatto insonparvarlik yordamini, G‘azo sektoriga zarur tovarlar va elektr energiyasini etkazib berishni taqiqlash to‘g‘risidagi qarorlar bilan yanada og‘irlashmoqda, bu ayniqsa tashvishlidir", deya qo‘shimcha qildi u.
Prezident yil boshida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi buzilganini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azodagi vaziyat yomonlashishda davom etmoqda.
"Biz, albatta, siz bilan bu masalalarning barchasini muhokama qilamiz va Rossiya taranglikni pasaytirish uchun qo‘shimcha nima qilishi mumkinligi haqida fikr almashamiz. Albatta, ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni e’tibordan chetda qoldirmaymiz. Dekabr oyida Moskvada Rossiya-Falastin hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda kelgusi hamkorlikdagi ishimiz uchun yo‘nalishlar belgilab olindi", — deya xulosa qildi Putin.