Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevropa Ittifoqi va NATOni Slovakiyani Moskva bilan qarama-qarshilikka majburlashda aybladi. Bu haqda Kreml rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda aytilgan.
Putin ushbu fikrni Slovakiya bosh vaziri Robert Fiso bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida bildirgan.
“Albatta, biz Rossiya va Slovakiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar hamda tashqi siyosiy vaziyat bilan bog‘liq holda murakkablashayotganini tushunamiz. Bizning fikrimizcha, bu qarama-qarshilik yo‘li barchamizga — ham Yevropa Ittifoqi, ham NATO tomonidan yuklanmoqda”, — dedi Rossiya rahbari.
Putinning ta’kidlashicha, Moskva va Bratislava o‘rtasidagi munosabatlar uzoq yillar davomida yuqori darajadagi siyosiy muloqot, o‘zaro ishonch va barqaror hamkorlik dinamikasi bilan ajralib turgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Slovakiya bilan munosabatlarni saqlab qolish va rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lib qolmoqda.