Bugun 21 aprel, 2025 yil, dushanba

КИР

Prezident dunyo iqtisodiyotida hozir favqulodda vaziyat kuzatilayotganini aytdi

Prezident dunyo iqtisodiyotida hozir favqulodda vaziyat kuzatilayotganini aytdi

Prezident raisligida hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investisiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari dunyo iqtisodiyotida hozir favqulodda vaziyat kuzatilayotganini, uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlarida 10 trillion dollar mablag‘ yo‘qotilganini ko‘rsatib o‘tdi.

“Bu tebranishlar bizga ta’sir qilmaydi, deb o‘ylaganlar adashadi. Axir, bu mablag‘larni bir qismi bizga investisiya, kredit, yevrobond orqali kirib kelishi mumkin edi-ku!”, dedi davlat rahbari.

Bu sharoitda barcha hokimlar, iqtisodiy kompleks hududlar iqtisodiyotini kunlik tahlil qilishi, ishlab chiqarish hajmlari, ish o‘rinlari va eksportni saqlab qolish masalalari bilan tizimli shug‘ullanishi kerakligi qayd etildi.

Iqtisodiy kompleks mas’ullariga har hafta tarmoqma-tarmoq muammolarni tahlil qilish va yangi takliflar kiritish, tuman va viloyat hokimlariga o‘z hududida tadbirkorlar masalalariga yechim topib borish topshirildi.

So‘nggi yillarda turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3,5 milliard dollarga etdi. Bu sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. Muhimi — o‘tgan yili xorijiy sayyohlar oqimi ilk bor 10 millionlik marradan o‘tdi.

Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanayotgani ta’kidlandi. Xususan, o‘tgan 8 yilda mahalliy va xorijiy investorlar 6,5 milliard dollar sarmoya kiritib, 130 ming mehmonxona o‘rni yaratdi. Bu yili ular yana 30 mingga ko‘payadi.

Parkentning “Oltin bel” cho‘qqisida xalqaro darajadagi yangi tog‘-chang‘i zonasi barpo etilyapti. Fransiyaning “Kurshavel” tog‘-changi kurorti tog‘li hududlarimizda Yevropa standartiga mos turizm maskanlarini tashkil qilishga katta qiziqish bildirmoqda.

“Bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Boy tarixiy-madaniy merosimiz, go‘zal va betakror tabiatimiz sayyohlarni 2-3 karra oshirishga yetadi”, dedi prezident.

Turizmning iqtisodiyotdagi ulushini 7 foizga, eksportni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha 2040 yilgacha strategiya ishlab chiqilayotgani ta’kidlandi.

Kiritildi: 16:46 09.04.2025. O'qildi: 675 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!