26 mart kuni kechki payt Chexiya poytaxtidagi Rossiya fan va madaniyat markazi (Rossiya uyi) binosiga o‘t qo‘yishga urinildi. Hujum oqibatida derazalar sinib, yong‘in chiqqan, biroq olov tez orada o‘chirilgan.
Poytaxt polisiyasi o‘zganing mulkiga zarar yetkazish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi va aybdorlarni qidirmoqda.
Markaz rahbari Igor Girenkoning so‘zlariga ko‘ra, kutubxona binosiga uloqtirilgan oltita "Molotov kokteylidan" uchtasi portlamay qolgan. Ushbu voqea Pragada "Rus madaniyati kunlari" yakuniy tadbiri arafasida yuz bergan.
Xorijdagi "Rossiya uylari" "Rossotrudnichestvo" agentligi tarkibida faoliyat yuritadi. G‘arb sanksiyalariga qaramay, ushbu muassasalar Ukrainadagi urush davrida ham o‘z ishini davom ettirmoqda. Ko‘plab faollar va surishtiruvchilar ushbu markazlar Kreml targ‘ibotini tarqatish bilan shug‘ullanishini bir necha bor ta’kidlab kelishgan.