Mamlakat mudofaa vaziri o‘rinbosari Sezariy Tomchikning ma’lum qilishicha, cheklovlar dekabr oyi oxiri yoki yanvar boshida kuchga kirishi mumkin. Ayni paytda Varshava NATO ittifoqchilarini Rossiya raketalari alyans hududi tomon yo‘naltirilgan taqdirda, ularni hali Ukraina havo hududida bo‘lgan vaqtidayoq urib tushirishga ko‘ndirishga harakat qilmoqda.
Yangi parvozlar taqiqlangan hudud chegaradan bir necha o‘n kilometr masofada joylashtirilishi rejalashtirilgan. Hozirning o‘zida chegaraoldi hududlarida muayyan cheklovlar amal qilmoqda: kunduzi taxminan uch kilometrgacha balandlikda parvoz qilish taqiqlangan, tunda esa ayrim istisno holatlardan tashqari parvozlarga deyarli to‘liq cheklov joriy etilgan. Varshava shunga o‘xshash choralarni NATOning butun sharqiy chegarasi bo‘ylab joriy etishni ham taklif qilmoqda.
Rossiya raketalarini Ukraina havo hududida urib tushirish tashabbusi dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATO elchilari uchrashuvida muhokama qilingan. Bunday qadam alyansning mudofaa harakatlari Ukraina hududiga ham yoyilishini anglatadi va Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv xavfini yuzaga keltirishi mumkin.
Tashabbusni amalga oshirish uchun, ehtimol, Kiyevning Ukraina havo hududidan foydalanishga roziligi hamda alyansga a’zo barcha davlatlarning yakdil qo‘llab-quvvatlashi talab etiladi. Hozircha bunday kelishuvga erishilmagan.
Varshava ushbu tashabbus bo‘yicha sa’y-harakatlarini o‘tgan hafta Rossiyaning uchta qanotli raketaci Polsha hududiga tushganidan keyin faollashtirdi. Mamlakat bosh vaziri Donald Tusk ushbu hodisani maqsadli provokasiya deb atagan.