3 noyabrga o‘tar kechasi Polsha chegarachilari Kaliningrad viloyati bilan chegaradosh hududda fonarlar bilan harakatlanayotgan bir necha noma’lum shaxslarni aniqladi. Ushbu shubhali faollik ortidan mamlakat Bosh vaziri Donald Tusk xavfsizlik kuchlarini zudlik bilan safarbar etish haqida topshiriq berdi.
«Biz juda tez fursatda u yerga o‘z kuch va vositalarimizni safarbar etdik va provokasiya urinishlarining oldini olishga erishdik», — dedi Tusk hukumat yig‘ilishi oldidan bergan bayonotida.
Varshava yuzaga kelgan vaziyatni o‘ta jiddiy baholamoqda, buni mamlakat shimoli-sharqida polisiya kuchlarining ommaviy ravishda to‘plangani ham tasdiqlaydi. Bir necha kundan beri chegaradosh hududlarga qo‘shimcha xodimlar, jumladan, antiterror bo‘linmalari yuborilmoqda.
Polsha harbiy razvedkasi va ittifoqchi davlatlar spesxizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyining birinchi yarmida diversiyalar, jiddiyroq provokasiyalar va hatto Polsha hududiga qurollangan guruhlarning suqilib kirish xavfi mavjud. Qayd etilishicha, NATO kuchlari oliy bosh qo‘mondoni Aleksus Grinkevich Polshaga tashrifi chog‘ida Donald Tuskni ehtimoliy eskalasiya haqida ogohlantirgan.
«Rossiya tomonidan keskinlik va eskalasiya davom etishi mumkin. Polsha nafaqat chegarada, balki mamlakat ichida ham yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan diversiya va provokasiyalarning oldini olish uchun maksimal darajada diqqatni jamlashi va safarbar holatda bo‘lishi zarur», — deya ta’kidladi Tusk.