Senatning 9-yalpi majlisida muhokama etilgan yangi qonun loyihasiga ko‘ra, endilikda Oliy yoki o‘rta maxsus, professional tibbiy ta’lim muassasalarini tugatgan va davlat ro‘yxatidan o‘tgan shaxslargina tibbiyot va farmasevtika faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladi.
Qonun loyihasida belgilanishicha, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan kafolatlangan hajmdan ortiqcha tibbiy xizmatlar hamda boshqa xizmatlar qo‘shimcha xizmatlar sifatida hisoblanadi va ular pulli asosda amalga oshirilishi mumkin.
Shuningdek, tibbiyot va farmasevtika sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini qonun darajasida belgilash, ro‘yxatdan o‘tkazish va chiqarish asoslari, uning oqibatlari, ma’lumotlarning ochiqligi va aholi uchun foydalanish imkoniyatini ta’minlash kabi masalalarni huquqiy jihatdan mustahkamlash zarurligi ta’kidlangan.