Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Pokistonlik manbaning so‘zlariga ko‘ra, Isroil harbiylari Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibafning joylashuv koordinatalariga ega bo‘lgan va ularga zarba berishni rejalashtirgan.
"Biz AQShga agar bu shaxslar ham yo‘q qilinsa, Eron bilan muzokara o‘tkazish uchun hech kim qolmasligini aytdik. Shundan so‘ng Vashington Isroildan bu harakatni to‘xtatishni so‘radi", — dedi Reuters manbasi.
Avvalroq The Wall Street Journal nashri ham AQSh rasmiylariga tayanib, Aroqchi va G‘olibaf tinchlik muzokaralari o‘rganilayotgani sababli to‘rt-besh kunga “o‘lim ro‘yxati”dan chiqarilganini xabar bergandi. Biroq nashr bu jarayonda Pokistonning rolini tilga olmagandi.
Pokiston mudofaa va tashqi ishlar vazirliklari hozircha bu xabar bo‘yicha rasmiy izoh bermadi.