Pokistondan import bo‘lgan mahsulot uchun rasmiylashtirilgan 30 dan ortiq fitosanitar sertifikat qalbaki ekanligi aniqlandi.
Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xabar berdi.
Har yili qish mavsumida respublikada sitrus mevalariga bo‘lgan talab yuqori bo‘lib, mazkur turdagi mahsulotlarning import hajmi ortadi. Mevalarning katta qismi O‘zbekistonga Pokiston davlatidan import qilinadi. Tabiiyki, olib kirilgan mahsulotlar karantin nazoratidan o‘tkaziladi.
Bir necha kun avval “Ayrtom” chegara o‘tkazish punkti orqali 26 ta transport birligida Pokiston davlatidan olib kirilgan mandarin partiyasida karantinosti zararkunanda borligi ma’lum bo‘ldi. Mahsulotlardan namunalar olinib, Agentlikning Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertiza o‘tkazildi. Tahlil natijasida import mevada “Qizil pomeranes” qalqondori mavjudligi aniqlandi. Mazkur turdagi hasharot limon, xurmo, anjir, olma, olxo‘ri, zaytun, uzum kabi o‘simliklarning shirasi bilan oziqlanib, ularning hosildorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Asosan Pokiston, Afg‘oniston, Jazoir, Angola, Gvineya, Misr, Tanzaniya, Janubiy Afrika hududida tarqalgan.
Holatga oydinlik kiritish maqsadida Karantin agentligi Pokiston karantin xizmati bilan bog‘landi. Muloqotda Pokiston tomoni dekabr oyida O‘zbekistonga mandarin eksporti uchun fitosanitariya sertifikati rasmiylashtirib berilmaganligini ma’lum qildi.
Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, endilikda Pokistondan olib kirilishi rejalashtirilgan barcha karantin ostidagi mahsulotlar uchun berilgan fitosanitariya sertifikati haqqoniyligi chegara maskanlarida Karantin agentligining “E-Fitouz” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tekshirilib, Pokiston davlatining elektron bazasida ushbu fitosanitariya sertifikati mavjudligi tasdiqlangandan so‘ng mahsulotlar olib kirilishiga ruxsat berilishi belgilandi.
Pokistondan mandarin eksporti uchun import karantin ruxsatnomasi (IKR) rasmiylashtirilishi vaqtinchalik to‘xtatildi.