Germaniyaning Pokistondagi elchixonasi Federal razvedka xizmatida ishlagan xodimi Islomoboddagi xonadonida o‘lik holda topildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar tarqatdi.
Nemis diplomati Pokistonda g‘oyib bo‘ldi va ikki kundan keyin elchixona xodimlari uni Islomoboddagi uyida jonsiz yotgani ustidan chiqishdi. Manbaga ko‘ra, Tomas B. elchixonada ishlagan, lekin Tashqi ishlar vazirligi emas, balki Federal razvedka tizimi xodimi hisoblangan.
U shaharning ko‘plab diplomatlar xonadonlari joylashgan, alohida qo‘riqlanadigan hududda yashagan. Fojiaga marhumning yuragi bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Tomas B. elchixona maslahatchisi sifatida 3,5 yildan buyon faoliyat olib borayotgan edi.
– Afsuski, hamkasbimizning o‘limini tasdiqlashga majburmiz, – deyilgan Germaniya TIV bayonotida.