Pokiston va Hindiston payshanba kuni muzokara o‘tkazdi va amaldagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimini 18 mayga qadar uzaytirishga kelishib oldi.Bu haqda Pokiston bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Ishoq Dar ma’lum qildi, deya xabar beradi Xinhua agentligi.
Parlamentda so‘zlagan nutqida u payshanba kuni ikki davlat harbiylari bir-birlari bilan aloqaga chiqqanini va o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirishga qaror qilganini, so‘ngra siyosiy muloqotga o‘tishni aytdi.
— 10 mayda tuzilgan dastlabki o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi 12 maygacha amalda bo‘lgan. Keyin u 14 mayga, endi esa 18 mayga qadar uzaytirildi, — dedi Ishoq Dar parlamentariylarga.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirgacha harbiy darajadagi muzokaralar o‘t ochishni to‘xtatish rejimini saqlashda muhim rol o‘ynagan va keng qamrovli siyosiy muzokaralar 18 maydan keyin boshlanadi.
— Hindiston bilan har tomonlama va natijaga qaratilgan muzokaralar olib boriladi. Maqsad kimningdir ustunligini tan olish emas, balki muammolarni tenglik asosida hal qilish, — deya ta’kidladi Pokiston tashqi ishlar vaziri.