AQSh prezidenti Donald Tramp Pentagon kotibi Pit Xegset Karib dengizida qayiqqa uyushtirilgan hujumdan omon qolganlarni yo‘q qilishga buyruq bergan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlarni tekshirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari 1 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
"Biz buni ko‘rib chiqamiz, aniqlaymiz", — dedi Tramp jurnalistlarning OAV xabarlari haqidagi savollariga. Matbuot anjumani yozuvi Oq uyning YouTube-kanalida chop etildi.
Amerika yetakchisi, shuningdek, nishonga ikkinchi marta zarba berish uchun asos ko‘rmayotganini ta’kidladi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Xegset ham shu pozisiyada va bahsli tartib bilan bog‘liqligini qat’iyan rad etadi.
"Pit bu ikki odamni o‘ldirishga buyruq bermaganini aytdi", - deya Pentagon rahbarining so‘zlarini keltirgan Tramp.
29 noyabr kuni AQSh Kongressining har ikki palatasi a’zolari AQSh harbiylarining Karib dengizidagi qayiqqa zarba berish holatlarini tekshirish niyatida ekani ma’lum qilingan edi.