AQSh Mudofaa vaziri Pit Xegsetning aytishicha , Donald Tramp ma’muriyati Shimoliy Atlantika alyansini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda, shu bilan birga NATOga a’zo barcha davlatlar harbiy xarajatlarini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Bu haqda Xegset Bryusselda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington hamon NATOni global xavfsizlikning eng muhim elementi deb biladi.
"Lider bo‘lish oson emas, ayniqsa qarashlar xilma-xil bo‘lganda. Lekin barcha ishtirokchilar umumiy mudofaa uchun umumiy tushuncha va majburiyatga ega", - deya ta’kidladi Xegseth.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hech kim NATO uchun Donald Trampdan ko‘proq ish qilmagan. AQSh har bir ittifoqchi davlat o‘z yalpi ichki mahsulotining kamida 5 foizini mudofaaga sarflashini kutmoqda.
"Bu biz duch kelayotgan haqiqiy tahdidlarni tan olish belgisidir", dedi vazir.
Xegsetning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar ittifoqdagi rolidan g‘ururlanadi, ammo bu yukning og‘irligini yolg‘iz o‘zi ko‘tarish niyatida emas.
“Kuch orqali jilovlash va tinchlikka erishish to‘g‘ri, ammo bunga faqat AQShga tayanib erishib bo‘lmaydi”, — dedi u.
O‘z navbatida, Mark Ryutte Vashington boshidanoq aniq umidlar belgilab qo‘yganini tasdiqladi. Uning eslatishicha, NATO sammiti 24-25 iyun kunlari Gaagada bo‘lib o‘tadi. U yerda mudofaa xarajatlarining yangi maqsadi tasdiqlanishi rejalashtirilgan.
"Maqsadlarga erishish uchun biz sarmoyalarni sezilarli darajada oshirishimiz kerak. Bu Yevropa, Kanada va AQSh o‘rtasidagi o‘yin maydonini tenglashtirishga yordam beradi", dedi Ryutte.
Uning qo‘shimcha qilishicha, sammitda NATOning harbiy salohiyatini, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari, mobil kuchlar, uzoq masofali raketalar va yangi qo‘mondonlik imkoniyatlarini rivojlantirish rejasi kelishib olinadi.