Pentagon ICE harakatlariga qarshi namoyishlar fonida harbiylarni Minnesotaga yuborish uchun tayyorlamoqda. Bu haqda The Washington Post xabar berdi.
Nashrning AQSh Mudofaa vazirligi vakillariga tayanib xabar berishicha, AQSh muntazam armiyasining qariyb 1500 nafar harbiysiga Minnesota shtatiga borishga tayyorgarlik ko‘rish buyrug‘i berilgan.
Shtatda har kuni namoyishlar o‘tkazilmoqda. Bunga Minneapolis shahrida o‘tkazilgan reyd vaqtida ICE agenti AQSh fuqarosi Rene Nikol Gudni otib o‘ldirgani sabab bo‘lgan. Minneapolis meri Jeykob Frey ICE agentlaridan “shahardan chiqib ketishni” talab qilib, ularning harakatlari aholi xavfsizligiga tahdid solayotganini bildirgan.
Ayni paytda AQSh Adliya vazirligi Minnesota shtati gubernatori Tim Uols va Minneapolis meri Jeykob Freyga nisbatan immigrasiya polisiyasi faoliyatiga to‘sqinlik qilish maqsadida til biriktirganlik gumoni bilan tergov boshlagan.
Minnesota gubernatori X ijtimoiy tarmog‘ida siyosiy raqiblarga qarshi sud tizimidan foydalanish avtoritar amaliyot ekanini yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rene Gudning o‘limi bilan bog‘liq ishda hozircha yagona tergov qilinmayotgan shaxs — unga qarshi qurol qo‘llagan federal agent bo‘lib qolmoqda.