AQSh mudofaa idorasi (Pentagon) Yaqin Sharqdagi vaziyat «juda jiddiy», ammo AQSh Eronning Isroilga qarshi ehtimoliy hujumiga «tayyor» ekanini ma’lum qildi.
Kundalik brifingda Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder «Yaqin Sharqdagi vaziyat jiddiy» ekanligini ta’kidladi, shuning uchun Pentagon rahbari Lloyd Ostin mintaqaga qo‘shimcha mudofaa qurollari va o‘q-dorilarini yuborishni buyurdi.
U, shuningdek, Eron shu hafta Isroilga hujum qilishi mumkinligini ta’kidladi.
«Men ular qachon hujum qilishini bashorat etishga yoki taxmin qilishga urinmayman, faqat shuni aytmoqchimanki, biz (ehtimoliy hujumga) jiddiy qarashimiz kerak. Shuning uchun biz tayyor bo‘lamiz», - dedi Rayder.
AQSh vaziyatni yumshatish, o‘z kuchlarini himoya qilish va Isroil mudofaasini qo‘llab-quvvatlashga intilmoqda, dedi u.
Rayderning ta’kidlashicha, mintaqada hech kim «qarama-qarshilik kuchayishini istamaydi va mavjud vaziyat mintaqaviy mojaroga aylanib ketishini xohlamaydi».
«Diplomatiyaning ishlashi uchun har doim vaqt bor», dedi Rayder va AQSh «bu imkoniyatlardan foydalanishi kerak bo‘lgan vaziyatga tushib qolmasligiga» umid bildirdi.
«Agar biz Isroilni himoya qilish uchun undan foydalanishimiz kerak bo‘lsa, buni qilamiz», dedi u.
Pentagon matbuot kotibining qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shma Shtatlar «kengroq mintaqaviy mojaroni to‘xtatishga, Eron o‘ch olish va potensial katta kuch ishlatish bilan tahdid qilayotgan o‘ta keskin vaziyatda Yaqin Sharqda mintaqaviy urushning oldini olishga va Isroilni himoya qilishga yordam berishga urinmoqda».