Xitoy Yaqin Sharqda keskinlikni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan voz kechish va Suriya suverenitetini hurmat qilishga chaqirdi.
Xitoy Isroilning navbatdagi havo hujumlari fonida Suriyaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilishga chaqirdi.
Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Lin Szyan Pekindagi matbuot anjumanida bayonot berdi.
«Yaqin Sharqdagi vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilish lozim», — dedi u.
Ushbu bayonot Isroil harbiy-havo kuchlarining Suriyaga qilgan so‘nggi zarbalaridan so‘ng yangradi. 16 iyul kuni isroillik uchuvchilar mamlakat poytaxti Damashq va unga yaqin joylashgan Katana tumaniga hujum qildi.
Isroil tomoni ma’lumotiga ko‘ra, tushlik paytida zarba Suriya Bosh shtabining binosiga qaratilgan. Keyinroq shu binoga yana ikki marta hujum qilingan.
13 iyuldan buyon janubiy Suriyada, xususan, Es-Suveyda viloyatida druz jamoalari va beduin arab qabilalari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda.
Isroil druz jamoasini ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlamoqda va uni Suriya markaziy hukumati bilan integrasiyalashuviga to‘sqinlik qilish niyatida.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mudofaa vaziri Israel Kas Suriyaga qarshi zarbalar kuchayishini ma’lum qilgan.
Mojaro boshlanganidan beri Isroil druzlarga siyosiy va harbiy yordam ko‘rsatishga va’da bergan.