Bugun 24 iyul, 2025 yil, payshanba

КИР

Payg‘ambarimiz avlodlari maqbarasi

A A A
Payg‘ambarimiz avlodlari maqbarasi

Surxondaryo – hayotini muqaddas islom dinini targ‘ib etishga, diniy va dunyoviy ilm-fan rivojiga bag‘ishlagan Hakim Termiziy, Varroq Termiziy, Iso Termiziy kabi buyuk allomalarga beshik bo‘lgan zamin. Qadimdan boy madaniyat va ma’rifat o‘chog‘i sifatida tanilgan vohada ko‘plab aziz-avliyolar, ulamo va fuzalolar mangu qo‘nim topgan.

Ayni paytda mahalliy va xorijlik sayyohlar ulug‘ zotlar xoki qo‘yilgan muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishga oshiqayotgani buning yorqin dalilidir. Ayniqsa, keyingi yillarda vohadagi ziyoratgohlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari sayyohlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish, ziyoratchilar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.
 
Termiz shahrining shimoli-sharqiy qismida Sulton Saodat nomi bilan mashhur me’moriy yodgorliklar majmuasi mavjud. Mustaqillik yillarida obod va ko‘rkam go‘shaga aylangan qadimiy obida ziyoratchilar bilan hamisha gavjum. XVII-X asrlarda qad rostlagan majmua 20 ga yaqin maqbaradan iborat. Peshtoq va gumbazli chorsu xonali salobatli imoratlar o‘z davrida yuksak did bilan bezatilgan.
 
Manbalarda qayd etilishicha, so‘lim va sokin bu go‘shada payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning qizlari Fotima onamizning nabirasi Hasan al-Amir mangu qo‘nim topgan. Bu ulug‘ zot Termiz sayyidlarining sultoni bo‘lgan.
 
– Hasan al-Amir o‘z yaqinlari bilan Samarqandga ko‘chib kelgan, – deydi viloyat turizmni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Z.Alimardonova. – Bu yerda o‘n bir yil yashab, Balxga ko‘chadi. Taxminan 865 yilda Termizga kelib, yashab qolgan. Vafot etgach, shu yerda dafn etilgan. Asrlar davomida ushbu mo‘’tabar zotning avlodlari uchun ham bu yerda mahobatli maqbaralar qurilgan. Endilikda me’moriy obida mamlakatimiz va xorijlik sayyohlar ko‘p keladigan maskanlardan biriga aylandi. Ular payg‘ambarimiz avlodlarining xokini ziyorat qilib, ruhan quvvat oladi. Ajdodlarimiz tomonidan turli asrlarda yaratilgan bo‘rtma ravoqlar, serjilo naqsh va to‘lqinli ganch bezaklari asosida yuksak did bilan ishlangan nafis me’morlik san’atidan bahramand bo‘ladi.
 
Tarixning guvohlik berishicha, IX asrda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan Termiz sayyidlari xonadoni shakllangan. Markaziy Osiyo sayyidlarining ko‘pchiligi o‘z kelib chiqish tarixini shu xonadon bilan bog‘lashi bejiz emas. Kitoblarda davlat boshqaruvi va nizomida, jumladan, Sohibqiron Amir Temur saltanati rivojida Termiz sayyidlarining alohida xizmati borligi ta’kidlangan. Sohibqiron Hindistonga yurishlari chog‘ida hamisha Termiz sayyidlari xonadonida to‘xtab, mehmon bo‘lgani qayd etilgan. Yana bir manbada Amir Temur Termiz sayyidlariga alohida hurmat ramzi sifatida Sulton Saodat majmuasining bir qismi hisoblangan xonaqoh ham bunyod ettirgani, lekin noyob inshoot bizning davrimizgacha saqlanib qolmagani yozilgan.
 
Boy tariximizni, madaniyatimizni, xususan, me’morlik san’atimizni o‘zida mujassam etgan mazkur maqbaralar majmuasini bir bor bo‘lsa-da, ko‘rish, ziyorat qilishni orzu qiladiganlar ko‘p. Chunki, buning ham o‘zgacha gashti bor.
 
Manba: muslim.uz
 
 
Kiritildi: 21:21 02.10.2018. O'qildi: 4852 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!