O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Malaka oshirish institutida 2023 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoit yaratilishi, bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoringni tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan brifing o‘tkazildi.
Unda ta’kidlanganidek, Prezidentimizning qat’iy irodasi tufayli so‘nggi yillarda mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga butunlay barham berish borasida katta natijalarga erishildi. Shu maqsadda qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va mavjudlari qayta ko‘rib chiqildi. Buning natijasida yurtimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berildi.
Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan 2021 yilgi paxta-yig‘im terimi mavsumi davomida o‘tkazilgan “Uchinchi tomon monitoringi” natijalariga ko‘ra, bolalar mehnati va majburiy mehnatdan umuman foydalanilmagani qayd etildi. Shuningdek, 2021 yil 9 aprelda O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining “GSP+” umumiy imtiyozlar tizimining benefisiari maqomini oldi.
2022 yil 10 mart kuni esa “Cotton Campaign” xalqaro koalisiyasi o‘zbek paxtasiga nisbatan global boykot bekor qilinganini e’lon qildi va bu O‘zbekiston uchun katta iqtisodiy yutuq bo‘ldi. Ushbu yutuqlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kuni kecha BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida alohida to‘xtaldi.
Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik borasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi ham tizimli ishlarni olib bormoqda. Xususan, bir necha yildirki, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoit yaratilishi, bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoring o‘tkazib kelinmoqda.
Brifingda joriy yilda ham Milliy monitoring o‘tkazish rejalashtirilgani, u 26 sentyabrdan 31 oktyabrgacha davom etishi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, bu yilgi monitoring ham O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasiga a’zo bo‘lgan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida o‘tkaziladi.
Monitoringni o‘tkazishdan asosiy maqsad paxta yig‘im-terimi ishlarida voyaga yetmagan shaxslarning, o‘quvchi va talabalarning, byudjet va nobyudjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun yetarli yashash, dam olish va mehnat sharoitlari yaratilganini baholash, qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun adolatli mehnat haqi to‘lanishini nazorat qilish, paxta-to‘qimachilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari xodimlari bilan mehnat shartnomasi, vaqtinchalik terimga jalb qilingan fuqarolar bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muddatli mehnat shartnomasi tuzilganini hamda terim otryadlari va tuman fermerlar kengashi o‘rtasida xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida shartnomalar tuzilganini nazorat qilishdan iborat.
Milliy monitoring davomida kamchiliklar aniqlansa, ularni joyida bartaraf etish choralari ko‘riladi hamda monitoring yuzasidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi va Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasiga muntazam axborot berib boriladi.
Milliy monitoringni sifatli o‘tkazish maqsadida uning uslubiyoti takomillashtirildi. “Monitoring guruhlarining joylarda harakatlanish ketma-ketligi”, “Monitoringda intervyu olish savolnomasi”, “Paxta yig‘im-terimi ishtirokchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni baholash bo‘yicha savolnoma” va axborot berish shakllari ishlab chiqilib, monitoring guruhlariga taqdim etildi.
Monitoringni tashkil etish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan hududiy monitoring guruhlari tuzildi. Monitoring samaradorligini oshirish maqsadida Monitoring o‘tkazish ishchi guruhlari tarkibidagi kasaba uyushmasi xodimlari monitoring jarayonida foydalanish uchun maxsus kiyim bosh va hududiy guruhlar rahbarlari internet tarmog‘iga ulangan planshetlar bilan ta’minlandi.
Milliy monitroing jarayonida paxta terayotgan voyaga yetmagan shaxslar aniqlansa, ularni zudlik bilan daladan olib chiqish va o‘quv dargohiga yoki uyiga qaytarish choralari ko‘riladi. Bu haqda Dalolatnoma tuziladi va aybdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish uchun mehnat inspeksiyasiga yuboriladi.
Majburiy mehnatdan foydalanish holatlari aniqlangan holda esa zudlik bilan kasaba uyushmalarining inspektori tomonidan vaziyat o‘rganiladi hamda Akt (Dalolatnoma) tuzilib, ularni ish joylariga qaytarish choralari ko‘riladi. Shu bilan birga, hududiy “Qayta aloqa mexanizmi” vakillariga ham xabar beriladi.
Eslatib o‘tish joizki, xodimlarning mehnat huquqlari buzilishining oldini olishga qaratilgan “Qayta aloqa mexanizmi” O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tizimida tashkil etilgan bo‘lib, mavsum davomida uzluksiz ravishda kechayu kunduz ishlaydi. Buning uchun Federasiya Yuridik klinikasi va uning hududlardagi filiallarida kasaba uyushmalari vakillarining doimiy navbatchiligi tashkil qilindi.
Kelib tushgan murojaatlarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish maqsadida 10-92 qisqa raqamli “Ishonch telefoni”, internet saytlar, telegramm ijtimoiy tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalaniladi. Bu haqda kasaba uyushmalari tomonidan 200 ta banner tayyorlanib, respublikamizning barcha hududlaridagi tuman, shahar markazlariga o‘rnatilmoqda, korxona, tashkilot, muassasalar hamda odam gavjum bo‘ladigan joylarga esa 10 ming dona poster joylashtirildi va mehnatkashlar hamda aholi vakillariga 200 mingta flayerlar tarqatilmoqda.
Milliy monitoring davrida o‘rganish natijalarini oshkor etmaslik tamoyiliga amal qilinadi va monitoring yakunlari to‘g‘risida dekabr oyida o‘tkaziladigan davra suhbatida batafsil e’lon qilinadi.