Bugun 8 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

Pasxi orolidagi aholi qanday yo‘q bo‘lib ketgan?

Pasxi orolidagi aholi qanday yo‘q bo‘lib ketgan?

Tinch okeanida joylashgan mazkur orol bilan bog‘liq shov-shuvlar hamon tinmagan. Tosh haykallari bilan mashhur bu orol ekohalokat sabab fojia bilan to‘qnash kelgani aytiladi.

Mahalliy xalq tomonidan Rapa-Nui deb ataluvchi orol o‘rmonlari muntazam ravishda kesilgan. Buning oqibatida ekotizim barbod bo‘lib, qishloq xo‘jaligiga katta ziyon yetgan. Natijada orolda ocharchilik boshlangan va xalq ovqat topish maqsadida bir-birini qirib tashlagan. Olimlarning fikricha, orol aholisi bu yerga yevropaliklar kelishidan avvalroq yo‘q bo‘lib ketish arafasida edi. Ma’lumki, yevropaliklar orolga ilk bor 1722 yilda qadam qo‘ygan.

Pasxi (Rapa-Nui) oroli Tinch okeanining janubiy-sharqiy qismida joylashgan bo‘lib, quruqlikdan eng olisda joylashgan jahondagi eng olis orol sifatida ko‘riladi. Orol yaqin atrofdagi qitadan, to‘g‘rirog‘i Chili sohillaridan 3 ming 514 kilometr uzoqlikda joylashgan. Pasxi orolida ayni damda 3 ming 700 ga yaqin aholi istiqomat qiladi. Bu orolga ilk bor eramizdan avvalgi 400 yilda odamlar ko‘chib kelgan. Olimlar mazkur orol vulqon kullaridan tashkil topganini taxmin qiladilar. Orolda daryo yo‘q. Aholi toza ichimlik suvini ko‘ldan oladi. Florasi unchalik boy emas. Atigi 30 xil o‘simlik mavjud. Yevropaliklar ilk bor orolga qadam qo‘yganlarida bu yerda daraxtlar yo‘qligidan hayron bo‘lishgan edi. O‘shanda ular odamlarning aybi bilan o‘rmonlar yo‘q bo‘lib ketishganini taxmin qilgandilar.

XX asrda olib borilgan tadqiqot natijalariga qaraganda, bir vaqtlar orol qalin o‘rmon bilan qoplangan bo‘lgan. Keyinchalik odamlar qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish va o‘tin g‘amlash maqsadida o‘rmonlarni kesa boshlagan. Qadimiy odamlarning toshga aylangan tishlari o‘rganilganda, Pasxi oroli aholisining asosiy taomi batat (shirin kartoshka) bo‘lgani aniqlandi. Aynan kartoshka ekish maqsadida o‘rmonlar yo‘q qilingan bo‘lishi ham mumkin. Tadqiqotlarga qaraganda orolda palma daraxtlari XVI asrda yo‘qolib ketgan. Olimlar orolga batat ilk bor IX asrda olib kelinganini isbotlashdi. Aholi soni oshib borishi bilan palma daraxtlari kesilib, uning o‘rniga shirin kartoshka ekila boshlangan. Bu, o‘z navbatida, yerlarning eroziyaga uchrashiga olib kelgan. Natijada qirg‘inbarotlarga sabab bo‘lgan. Oradan ko‘p o‘tmay orol aholisi keskin qisqarib ketgan. XXI asrga kelib tarixchi olim Jared Daymond odamlarning qirilib ketishiga tabiatga bo‘lgan noto‘g‘ri munosabat sabab bo‘lgan degan qarashni ilgari surdi. “Bir necha asr davomida orol aholisi o‘z o‘rmonlarini qirg‘in qilib, o‘simlik va hayvonot dunyosini yo‘q qildi. Buning oqibatida jamiyatda boshboshdoqlik kelib chiqdi. Ular so‘nggi daraxtni qirqishayotganda nimalarni o‘yladi ekan?”, dedi olim. Jared Daymond tabiatga qiron keltirayotgan insoniyat Pasxi oroli taqdiridan xulosa chiqarishi lozimligini eslatib o‘tdi. Hatto, Buyuk Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcher 1989 yilda BMT minbaridan turib, bugungi sivilizasiya Pasxi oroli yo‘lidan ketayotganidan ogohlantirgan edi.

Biroq so‘nggi yillarda orol fojiasi haqida boshqacha taxminlar ham ilgari surilmoqda. Masalan, amerikalik arxeologlar Terri Xant (Terry L. Hunt) va Karl Lipo (Carl P. Lipo)lar 2006 yilda Science jurnalida e’lon qilingan maqolasida fojiaga kalamushlarni ayblab chiqishgandi.

Olimlar bir fikrda yakdildirlar. Ularning hammasi millionlab Paschalococos disperta palma daraxtlari XIII-XVII asrlarda yo‘q bo‘lib ketganini ta’kidlaydilar. Biroq daraxtlarni yo‘q bo‘lishiga insonlarmi yoki kemiruvchilar aybdormi, degan savol hamon ochiq qolmoqda. Xant va Lipo kalamushlar daraxtlarni bir zumda yo‘q qilishini isbotladilar. Tinch okeani kalamushlari (Rattus exulans) orolga biror bir qarshilik va raqibga uchramay kelgani taxmin qilinadi. Daraxtlarning yo‘q bo‘lib ketishiga aynan kalamushlar aybdor ekanini arxeologlar tomonidan olib borilgan qazishmalar xam isbotlamoqda. Olimlar kalamushlar 400-500 yil davomida orol o‘rmonlarini yo‘q qilganini aytishmoqda.

Biroq bu borada boshqa bir qarashlar ham mavjud. Ayrim olimlar tub aholi ekologiya qurboni bo‘lmaganini, balki bosqinchilar tomonidan genosidga uchraganini aytishadi. Ya’ni tub aholi yevropaliklar tomonidan olib kelingan mikroblar va o‘q otar qurollar tufayli nobud bo‘lgan.

Kiritildi: 06:00 26.08.2019. O'qildi: 3515 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!