Polisiya patruli Amerika banki bo‘limi binosi yoniga portlovchi modda qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxsni jinoyat ustida qo‘lga oldi. Fransiya prokuraturasining xabar berishicha, voqea 28 martga o‘tar kechasi sodir etilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxsning yonida qo‘lbola portlovchi qurilma – yonilg‘i to‘ldirilgan 5 litrli kanistra va detonator vazifasini o‘tashi kerak bo‘lgan pirotexnika vositasi bo‘lgan.
Jinoyatchining iqror bo‘lishicha, uni Snapchat platformasi orqali 600 yevro evaziga yollashgan. Uning voqeani videoga olishi kerak bo‘lgan sherigi esa xodisa joyidan qochib ketishga ulgurgan.
Fransiya tergov organlari ushbu teraktni "Eronning Yevropadagi AQSh va Isroil manfaatlariga qaratilgan tahdidlarining amalga oshirilishi" deb hisoblamoqda.