COVID-19 pandemiyasining xalqaro turizmga katastrofik ta’siri tufayli jahon iqtisodiyoti 2020 va 2021 yillarda 4 trln dollardan ko‘proq zarar ko‘rishi mumkin. Bu haqda BMTning Yangiliklar xizmati BMT savdo va rivojlanish bo‘yicha konferensiyasining (YUNKTAD) hisobotiga asoslanib xabar berdi.
Hisobot mualliflari ta’kidlashicha, 2020 yilda xalqaro turizm va bir-biri bilan chambarchas bog‘liq sohalar 2,4 trln dollar miqdorida zarar ko‘rib bo‘lgan. Ushbu ko‘rsatkich bilan taqqoslanadigan yo‘qotishlarni bu yil ham qayd etish mumkin.
Shunday qilib, 2020 yil yanvaridan dekabrigacha bo‘lgan davrda dunyoda chet ellik sayyohlar soni bir mlrd kishiga yoki 73 foizga kamaydi. 2021 yilning birinchi choragida olingan ma’lumotlar ushbu ko‘rsatkich 88 foizga pasayganligini ko‘rsatmoqda.
Hisobot mualliflarining fikriga ko‘ra, turizm sohasining tiklanishi ko‘p jihatdan COVID-19 ga qarshi vaksinalardan foydalanish imkoniyatining mavjudligiga bog‘liq. Hisobotda koronavirusga qarshi emlash juda notekis ekanligi ko‘rsatilgan: ba’zi hududlarda aholining bir foizidan kamrog‘i, boshqalarida 60 foizdan ko‘prog‘i emlangan. Natijada, ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda turizmdan yo‘qotishlar kamayib bormoqda va rivojlanayotgan mamlakatlarda ko‘paymoqda.
Turizm sohasi Fransiya, Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya va AQSh kabi mamlakatlarda tezroq tiklanishi kutilmoqda. Shunga qaramay, ekspertlarning fikriga ko‘ra, hatto rivojlangan mamlakatlarda ham chet el turizmining to‘liq tiklanishini 2023 yildan oldin kutish kerak emas.
Rivojlanayotgan mamlakatlar pandemiya tufayli eng katta yo‘qotishlarga duch kelmoqdalar: ular 2020 yilda dunyodagi sayyohlar sonining 60−80 foizga keskin pasayishiga duch kelishdi. Shimoliy-sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Okeaniya, Shimoliy Afrika va Janubiy Osiyo eng ko‘p zarar ko‘rdi.
Hisobotga ko‘ra, turizmning pasayishi ishsizlarning o‘rtacha 5,5 foizga o‘sishiga olib keladi. Iqtisodiyoti turizm biznesi bilan yuqori darajada bog‘liq bo‘lgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 15% gacha bo‘lishi mumkin.