Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

«Pandemiya Yevropa keksalarga naqadar e’tiborsiz ekanini ko‘rsatib qo‘ydi»

«Pandemiya Yevropa keksalarga naqadar e’tiborsiz ekanini ko‘rsatib qo‘ydi»

BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy idorasi direktori Alanna Armitaj Kun.uz`ga taqdim etgan maqolasida pandemiya davrida Yevropaning keksa yoshdagi aholisi murakkab vaziyatga tushib qolgani, ularning ijtimoiy himoyasi dolzarb ahamiyat kasb etayotgani haqida so‘z yuritadi.

Butun Yevropa bo‘ylab, Ispaniyadan tortib Serbiyagacha, qariyalar uylari COVID-19 infeksiyasining qizg‘in o‘choqlariga aylandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, uzoq muddatli shunday muassasalarda istiqomat qiluvchi odamlar Yevropada koronavirusdan vafot etganlarning qariyb yarmini tashkil etmoqda.

Virusning dunyo bo‘ylab odamlar hayotiga chek qo‘yishi haqidagi yurakni hayajonlantiradigan statistik ma’lumotlar orasida mana shu raqam mening diqqatimni jalb qildi. Ushbu raqam bizning ko‘z o‘ngimizda ro‘y berayotgan tasavvur qilib bo‘lmaydigan fojiani yoritmoqda, ammo negadir bu holat hayratlanarli darajada jamoatchilik e’tiborini unchalik jalb qilmayapti.

Statistika bo‘yicha, parvarish qilinadigan internatlarda yashaydigan keksa odamlar umumiy aholining judayam kam qismini tashkil qiladi – masalan, Yevropada kishi boshiga qariyalar uyida istiqomat qiladigan odamlar soni eng ko‘p bo‘lgan mamlakat – Germaniyada, keksalar soni aholining deyarli 1 foizini tashkil qiladi xolos. Bu esa, virus tufayli kelib chiqadigan o‘lim holatlari orasida aholining qariyalar uylarida yashovchi qismi haddan tashqari ko‘pirtirib ko‘rsatilgani to‘g‘risida tushuncha beradi.

Umuman olganda, keksa odamlarga pandemiya juda yomon ta’sir qiladi. Ularda COVID-19 tufayli og‘ir kasallikka chalinish xavfi yuqori va o‘limning 95 foizi 60 va undan katta yoshdagilar orasida sodir bo‘lmoqda. Bu esa aholisining aksariyat qismini yoshi ulug‘ odamlar tashkil qiladigan mintaqa – Yevropa o‘z hududlarida pandemiyani mana shunday katta vayron qilish kuchi bilan boshidan kechirayotganining sabablaridan biridir.

O‘z navbatida, keksa odamlar nafaqat sog‘liqni saqlash tizimidagi  xizmatlar, balki virus tarqalishining oldini olish choralari tarkibidagi jismoniy masofalanish (nomuvofiq tarzda ijtimoiy masofalanish deb nomlanadi) bo‘yicha ham jiddiy muammolarga duch kelishmoqda. Bu omillar ularning hayoti va turmush tarziga nomutanosib ta’sir ko‘rsatmoqda, chunki ular o‘zlari ishongan va kutgan ko‘pgina xizmat turlaridan, yordam va g‘amxo‘rliklardan mahrumdir.

Tabiiyki, qariyalar uylarida yashaydigan keksalar aholining e’tibordan chetda va qarovsiz qolgan, eng himoyasiz qatlami qatoriga kiradi.

Atrofida o‘z yaqinlarisiz, ba’zan yetarlicha moliyalashtirilmagan va zimmasiga haddan ziyod ko‘p ish yuklatilgan muassasalar tomonidan minimal darajada parvarish qilinadigan holda yolg‘izlikda vafot etayotgan qariyalar haqida dahshatli hikoyalarni eshitmoqdamiz.

Hozirgi kunda qariyalar uylarida yuz berayotgan fojialar mohiyatan bitta, ammo bu bizning keksalarga ko‘rsatadigan e’tiborimiz naqadar muvaffaqiyatsiz ekanini ham ifodalaydi. Pandemiya bu muvaffaqiyatsizlikka yengil najot bo‘ldi, ammo aslida bu holat COVID -19 bilan boshlanmadi.

Muammo shundaki, Yevropa davlatlari tez keksaymoqda – har to‘rt kishidan birining yoshi allaqachon 60 yoshdan o‘tdi.

Jamiyatlar o‘z saflarida tobora o‘sib borayotgan keksa avlod vakillarining farovonlikda yashashi, sog‘lig‘ini mustahkamlashi, o‘z jamoalari va hamjamiyatlarida faol hayot kechirishlari uchun sharoit yaratish maqsadida sa’y-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Biroq, baribir ko‘plab keksa odamlar beparvolik, qashshoqlik, ijtimoiy chetlanish va yakkalanish mashaqqatlarini boshdan kechirmoqdalar – bu munosabat pandemiya tufayli yanada og‘irlashmoqda.

Balki bundan ham achinarlisi, jamoatchilikning ularga keksayib, ahamiyatsiz, hatto «ortiqcha yuk» bo‘lib qolganliklari haqidagi ko‘p sonli madaniy kesatiqlarga qorishgan muomalasidir.

Umid qilamizki, bu inqiroz va uning minglab yoshi ulug‘ odamlarga yetkazadigan dahshatli ta’siri jamiyatda qariyalarga bo‘lgan munosabatimiz va diqqat-e’tiborimizni yaxshilashimizda burilish nuqtasi bo‘ladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) bu yo‘nalishda o‘z hamkorlari – hukumat va fuqarolik jamiyatidagi sheriklari bilan hamjihatlikda nafaqat pandemiya paytida, balki doimiy ravishda qariyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yanada ko‘proq sa’y-harakatlarni davom ettirishni maqsad qilgan.

Shu bilan birga, keksa yoshlilarning qadr-qimmati va huquqlari himoya qilinishini va ular integrasiyalashgan holda hamda o‘z jamoalarida ishtirok etishlarini ta’minlash borasidagi faoliyat yanada kuchaytiriladi.

Hozir, ko‘plab davlatlar inqirozni qanday qilib imkoniyatga aylantirish mumkinligini ko‘rib chiqmoqdalar. Buni amalga oshirish uchun ular tomonidan to‘rtta muhim qadam mavjud:

1. COVID-19ga javoban amalga oshirilayotgan harakatlar majmuasida keksa odamlarni himoya qilishni ustuvor o‘ringa qo‘yish. Bunga qariyalarning teng huquqlari va qadr-qimmatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida aniq ommaviy xabarlar yuborish va jamoat majburiyatlari oddiy xizmat doirasidan tashqariga chiqishini namoyish qilish ham kiradi.

Xizmatlarning uzluksizligini ta’minlash, ularga g‘amxo‘rlik qilayotganlarni qo‘llab-quvvatlash, izolyasiya qilingan odamlarga yetib borishi uchun raqamli texnologiyalardan foydalanish - inqiroz oqibatlarini yumshatishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.

2. Keksa odamlarni tinglash. Ushbu inqirozga javoban va kelajak uchun siyosatni ishlab chiqishda biz katta tajribaga ega bo‘lgan yoshi ulug‘ insonlarning gaplariga quloq tutishimiz darkor.

3. Ommaviy nutq va amaliyotda odamning yoshiga urg‘u berishga qarshi kurash. Ushbu inqiroz davrida yanada ko‘proq yuzaga kelgan keng tarqalgan kamsitish va salbiy stereotiplarga nisbatan murosasozlik  bo‘lmasligi lozim.

Zero, avlodlararo birdamlik va hamjihatlikka asoslangan insoniy g‘oyani ilgari surish va bu borada yoshi ulug‘lar qo‘shgan qimmatli hissalar ijtimoiy me’yorlar va munosabatlarni o‘zgartirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

4. Yosh me’yorlarini hisobga olgan holda normativ-huquqiy va strategik mexanizmlarni hamda byudjet xarajatlarini qayta ko‘rib chiqish. Endi inqirozdan chetga nazar tashlab, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik va ijtimoiy ta’minot kabi sohalarda nimalarni o‘zgartirish kerakligini ko‘rib chiqish vaqti keldi, shunda davlatlar tezkor demografik o‘zgarishlarning oqibatlarini yengish barobarida, keksa yoshdagi aholining huquq va tanlovlarini ta’minlay oladigan sharoitda bo‘ladi.

O‘z fikrimizda sobit bo‘laylik: inqiroz paytida juda ko‘p keksalarning o‘limi muqarrar emas edi. Bu muvaffaqiyatsizligimizning to‘g‘ridan-to‘g‘ri natijasi – uyushmalar, muassasalar va madaniyatlar tomonidan keksa avlod hayoti va farovonligi uchun teng e’tibor va ahamiyat bermasligimiz oqibatidir.

Biz o‘tmish xatolaridan saboq olishimiz va jamiyatning muhim ustunlari sifatida: o‘qituvchi va murabbiy, vasiy va ko‘ngillilar, hikoyanavislar va ijodkorlar, madaniyat tarqatuvchilar va biz ba’zan odatiy deb hisoblaydigan huquqlar uchun kurashchilar sifatida keksa avlodning o‘rni tan olinadigan va qariyalar qo‘llab-quvvatlanadigan barcha yosh vakillari jamiyatini yaratishga jiddiy qarashimiz kerak.

Yoshi ulug‘lashayotgan Yevropada biz o‘z qobiliyatlari, iste’dodlari va boshqa hissalari bilan aholining to‘rtdan bir qismini e’tibordan chiqarib tashlashimiz mumkin emas. Keksalarga boshqalar kabi bir xil huquq va qadr-qimmat bilan muomala qilinishini ta’minlash nafaqat axloqiy shart, balki hamma – ham qariyalar, ham yoshlar uchun muvaffaqiyat omilidir.

Alanna Armitaj,
BMT Aholishunoslik
 jamg‘armasining Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy idorasi direktori

Kiritildi: 04:00 23.05.2020. O'qildi: 2630 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!