Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

"Ozodlik" radiosiga insof beradimi?

"Ozodlik" radiosiga insof beradimi?

“Ozodlik” radiosi O‘zbekistonning tashqi qarzi miqdori oshib ketayotganligi haqida yangi lavha e’lon qilibdi. O‘zini jahonning eng nufuzli va haqqoniy  axborot vositalaridan biri sifatida ko‘radigan bu tashkilot mazkur chiqishida yozibdi: “O‘zbekiston tashqi qarzi 27,6 milli-ard dollarga yetdi. Mirziyoyev 4 yil ichida olgan tashqi qarz Karimov 27 yil davomida olgan qarzdan qariyb 2 baravarga oshib ketdi” (https://www.facebook.com/ozodlikradiosi/posts/10161527102396959).

“Ozodlik” ning men iqtibos sifatida keltirgan fikri shaklan to‘g‘ri. Raqamlar haqiqatda ham shunday. Lekin “kosa tagida nimkosa” deyilganiday, to‘g‘ri raqamlardan o‘ta salbiy xulosalar chiqarish bu maqolani o‘qigan yoki eshitgan odamlar ixtiyoriga berilyapti. Ya’ni “O‘zbekistonning tashqi qarzi miqdori keskin oshib ketyapti”, degan fikr aniq ifodalanmagan holda ustomonlik bilan tinglovchining miyasiga quyilyapti! Bu jumlani eshitgan yoki o‘qigan mutaxassis bo‘lmagan odam “O‘zbekistonning tashqi qarzi rosa oshib ketyapti ekan”, degan xulosaga kelishi aniq.

Holat aslida qanday ekanligini bilish uchun tashqi qarz bo‘yicha xalqaro statistikaga murojaat qilaylik. Tashqi qarz statistikasini olib boradigan xalqaro tashkilotlar juda ko‘p. Men “Ozodlik” radiosi o‘ta hurmat qiladigan va ma’lumotlariga mutlaqo ishonadigan AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining internetda ochiq e’lon qiladigan manbalari raqamlaridan foydalanmoqchiman[1].

Tashqi qarz ko‘p yoki ozligi uning YAIMga nisbati va aholi jon boshiga to‘g‘ri kelgan tashqi qarz ko‘rsatkichlari bilan baholanadi. Markaziy Razvedka boshqarmasi (MRB)  bergan ma’lumotlar Amerika Qo‘shma Shtatlari bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha dunyoda qarzi eng ko‘p davlat ekanligini ko‘rsatyapti.

Tashqi qarzi eng ko‘p 20 ta davlat

"Ozodlik" radiosiga insof beradimi?

Ya’ni uning tashqi qarzi YAIM ga nisbatan 149 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Singapurda 346, Belgiyada 338, Yaponiyada 295, Gonkongda 290 foizga teng. Mamlakatimizda esa bu raqam 2019 yil 1 yanvarda ...33 foizni tashkil etgan!

MRB aholi jon boshiga eng ko‘p tashqi qarz to‘g‘ri keladigan davlatlar ro‘yxatiga Singapur (210874), Shveysariya (191527), Gonkong (155918), Norvegiya (139800) kabi davlatlarni kiritgan. 2019 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 520 AQSh dollariga teng bo‘lgan.

Mana shu ikkala ko‘rsatkich orqali tashqi qarz ko‘p yoki oz ekanligi baholanadi. Eng katta qarzdor AQSH, 2-o‘rinda Xitoy, keyingi o‘rinlarni Yevroittifoq davlatlari, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Niderlandiya, Fransiya, Italiya kabi dunyoning eng katta davlatlari tashkil qilyapti. O‘zbekiston esa – 86-o‘rinda! Xo‘sh, bizning tashqi qarzimiz ko‘p ekanmi? Xulosa qilish qiyin emas!

To‘g‘ri, o‘tgan davr mobaynida bizning ko‘rsatkichlarimiz nisbatan pasaydi. MRB 2020 yilning boshiga nisbatan tashqi qarzimiz 12,7 foizga ko‘payganligini yozyapti. 2019 yilda u hatto shuncha foizga oshgan bo‘lgan taqdirda ham O‘zbekiston dunyoning qarzi eng kam davlatlari qatorida mustahkam turibdi.

Muhtaram blogerlar, tashqi qarz haqida yozishdan oldin yuqoridagi raqamlarga bir e’tibor beringlar! Axir sizlarning niyatlaringiz ham Vatanimiz ravnaqi va xalqimizning turmushi farovon bo‘lishi uchun kurash emasmi?

“Ozodlik”ning “Mirziyoyev 4 yil ichida olgan tashqi qarzi Karimov 27 yil davomida olgan qarzdan qariyb 2 baravarga oshib ketdi”, degan fikriga to‘la qo‘shilaman va uni mamlakatimizda 2016 yildan boshlangan Prezident Mirziyoyevning shiddatli rivojlanish siyosatining xalqaro e’tirofi sifatida qabul qilaman. Bu o‘rinda o‘zlari xohlamagan holda “Ozodlik” chilar O‘zbekiston yangi iqtisodiy siyosatining yurtimizda avval hukm surgan siyosatdan beqiyos darajada tez rivojlanish yo‘lini tutganligini tan olib qo‘yishibdi.

Mazkur chiqishda “Ozodlik” radiosi ongli ravishda odamlarni ataylab adashtirishga mo‘ljallangan yana bitta fikr bergan. Ya’ni: “Ayni paytda Markaziy bank hisobotida keltirilgan tashqi qarz miqdori Moliya vazirligi e’lon qilgan hisobotda ko‘rsatilgan raqamdan keskin farq qilmoqda. Moliya vazirligining avgust oyida e’lon qilingan hisobotida qayd etilishicha, 2020 yil 1 iyul holatiga O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan umumiy qarz qoldig‘i dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 19 milliard 400 million dollar ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 34,0 foizni tashkil etgan”.

Keltirilgan bu iqtibosdagi raqamlar ham to‘g‘ri. Faqat “Ozodlik” xodimlari Markaziy bankning raqamlari davlatning umumiy tashqi qarzini, ya’ni 19,4 milliard davlat tashqi qarzi va 8,2 milliard xususiy kapital qarzlarining yig‘indisini tashkil etishi haqida izoh berishmayapti. Qolaversa, tashqi qarz miqdori tinmay o‘zgarib turishini, Moliya vazirligi va Markaziy bank turli sanalarda axborot berishganligini ham ataylab aytishmayapti...

“Ozodlik” radiosi rahbariyati! Bir betlikkina kichkina maqolachada shunchalik katta  yuzsizlik va munofiqlik qilibsiz! Siz qachon haqiqatni borligicha ko‘rsatib berasiz?  Sizga ham insof beradimi? Yoki insofli bo‘lish sizlarning asl maqsadlaringga to‘g‘ri kelmaydimi?

O. Olimjonov

Iqtisod fanlari doktori, professor

Kiritildi: 21:27 26.09.2020. O'qildi: 8991 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!