Ozarboyjon harbiy sudi tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ hukumatining sobiq rahbari Ruben Vardanyanni 20 yilga ozodlikdan mahrum qildi — Report.
Xabar berilishicha, Ruben Vardanyanga Ozarboyjon Jinoyat kodeksining ko‘plab moddalari, jumladan, terrorizmni moliyalashtirish, noqonuniy qurolli tuzilmalar tashkil etish, Ozarboyjon chegarasini noqonuniy kesib o‘tish, qasddan odam o‘ldirish, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish, qonunchilikda ko‘zda tutilmagan qurolli tuzilmalar yoki guruhlarni tashkil etish kabi moddalar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Ozarboyjon prokuraturasi unga umrbod qamoq jazosini so‘ragan edi.
Vardanyan barcha ayblovlarni rad etdi. Vardanyanning oilasi uning arizasini e’lon qilgandi. Arizada uning sud jarayonida sodir bo‘layotgan voqealarni tan olmasligi va soxta sud jarayonida ishtirok etish niyatida emasligi keltirilgan.
Boku Tog‘li Qorabog‘ni o‘z nazoratiga qaytarganidan so‘ng, 2023 yil sentyabr oyida Ozarboyjon Chegara xizmati Ruben Vardanyanni Armanistonga chiqib ketishga uringan paytda qo‘lga olgandi. Shundan buyon u Boku shahrida hibsda saqlanmoqda.
Armanistonda tug‘ilgan Vardanyan Tog‘li Qorabog‘ga ko‘chib o‘tishidan oldin Rossiyada biznes bilan shug‘ullangan. Uning boyligi 1 milliard dollardan ortiq deb baholangan.