Koronavirus sababli Ozarbayjonda kiritilgan karantin rejimi 31 maygacha uzaytirildi. Shu bilan birga ba’zi cheklovlarni yengillashtirishga qaror qilingan.
Ta’kidlanishicha, ushbu qaror mamlakatda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq sanitar-epidemiologik vaziyat tahlilidan keyin, boshqa davlatlardagi choralar hamda JSST tavsiyalari asosida qabul qilingan.
Respublikaning ba’zi hududlarida, jumladan poytaxt Bokuda 4 maydan davlat tuzilmalari xodimlarining muayyan qismi ishlashni boshlaydi, xususiy savdo ob’ektlari, sartaroshxonalar, go‘zallik salonlari faoliyati tiklanadi.
Shuningdek, respublikaning barcha shaharlari va tumanlarida, Boku va yana bir necha yirik shahar va tumanlardan tashqari, 4 maydan restoranlar, kafelarda mijozlarga xizmat ko‘rsatish boshlanadi, bog‘lar, xiyobonlar va boshqa dam olish joylariga kirishga taqiqlov olinadi. Shuningdek, yirik aholi punktlaridan tashqari, shaharlar va tumanlar orasida qatnovlar tiklanadi, odamlarning uydan chiqishiga sms-ruxsatlar tizimi bekor qilinadi.
Butun mamlakat bo‘ylab 31 maygacha maktablar, oliy ta’lim muassasalarida mashg‘ulotlar o‘tkazilmaydi. Shuningdek, jamoat joylari, bog‘lar va xiyobonlarda 10 kishidan ko‘proq bo‘lib yig‘ilish taqiqlanadi.
Shu bilan birga, mamlakatda epidemiologik vaziyat yomonlashgudek bo‘lsa, karantin rejimi yana qat’iylashtirilishi mumkin.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Ozarbayjonda koronavirusga chalinganlar soni 1,8 mingdan ko‘proqni, undan vafot etganlar soni 25 nafarni tashkil qilmoqda.