Ozarbayjon – O‘zbekiston investisiya kompaniyasi (AUIC) 2023 yilda Ozarbayjon va O‘zbekiston hukumatlarining qo‘shma tashabbusi bilan tashkil etilgan. 500 million dollar ustav kapitali bilan u ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikda yangi yo‘nalishni kashf etmoqda. AUICning asosiy maqsadi – har ikki respublika iqtisodiyotining rivojlanishi va gullab-yashnashiga qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali ko‘maklashish. Shuningdek, turli miqyos va sohalardagi kompaniyalarni bevosita qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.
AUIC asosiy diqqat-e’tiborini uzoq muddatli barqaror o‘sish dinamikasiga ega bo‘lgan kompaniyalar va loyihalarga qaratadi. Shu bilan birga, kompaniya har ikki respublika strategik manfaatlariga mos keladigan tashabbuslar bo‘lsa, boshqa mamlakatlardan ham takliflarni ko‘rib chiqishga ochiq. Kompaniya barqaror talabga ega bo‘lgan sohalarga, shuningdek, yuqori o‘sish salohiyatiga ega istiqbolli rivojlanayotgan tarmoqlarga sarmoya kiritadi. Ustuvor yo‘nalishlar sifatida moliyaviy sektor, transport, energetika, sog‘liqni saqlash, logistika va qayta ishlash, farmasevtika, bioindustriya, fintex, IT va ta’lim sohalarini misol qilish mumkin.
Tarmoqlar va kompaniyalar bo‘yicha portfelni diversifikasiyalash AUICning investision strategiyasining asosidir. Hamkorlarni tanlashda muhim mezonlar sifatida uzoq yillik muvaffaqiyatli tajribaga ega bo‘lgan tajribali boshqaruv jamoalari, shuningdek kompaniyalarning moliyaviy barqarorligi: ijobiy kredit tarixi, qarz/EBITDA koeffisiyenti 3 dan past va qarz xizmatini qoplash koeffisiyenti 2 dan yuqori bo‘lishi talab etiladi. AUICning o‘ziga xos jihati – uchinchi shaxslarga mas’uliyatni tashlamasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirishdir. Bu, o‘z navbatida, investisiya jarayonining barcha bosqichlarida tezkorlik va nazoratni ta’minlaydi.
Ozarbayjon – O‘zbekiston investisiya kompaniyasining ish modeli 49 foizgacha ulush bilan minoritar ishtirok etish tamoyiliga asoslanadi. Bunday yondashuv AUICga xususiy kompaniyalar kapitaliga kirish imkonini beradi, ammo ular ustidan nazoratni da’vo qilmaydi. Demak, tadbirkorlarga boshqaruvni saqlab qolish va asosiy qarorlarni mustaqil qabul qilishdek maqbul sharoitni yaratadi. Shu asnoda kompaniyalar moliyaviy va strategik qo‘llab-quvvatlovga erishadilar. Zero, bu o‘sish va rivojlanish uchun o‘ta zarurdir.
Bu muvozanat – tasodif emas, balki ongli strategiyadir. Tasavvur qiling: hamkor 51% ulush va yetakchi rolni saqlab qoladi, strategik qarorlar uchun javobgar bo‘ladi, AUIC esa investor va yordamchi sifatida resurslar, tajriba, mintaqaviy imkoniyatlarga kirishni ta’minlaydi. Bunday hamkorlik tuzilmasi boshqaruv mustaqilligini, qarorlar qabul qilishda moslashuvchanlikni va tomonlar o‘rtasida mas’uliyatning samarali taqsimlanishini ta’minlaydi.
Kompaniyaning strategik maqsadlariga import o‘rnini bosish, innovasion va qayta ishlovchi tarmoqlarni rivojlantirish, mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni oshirish va xorijiy investisiyalarni jalb qilish kiradi. Investisiyalar hajmi $1 milliondan $25 milliongacha, ishtirok ulushi esa 49% dan kam. Kutilayotgan minimal daromadlilik (IRR) – 12%, kapital multiplikatori – 1,5–2,5x, chiqish muddati – 5–8 yil.
AUIC loyihalarni strategik boshqarishda faol ishtirok etadi: direktorlar kengashiga kiradi, yuqori menejmentni tasdiqlaydi, moliyaviy va operasiyaviy majburiyatlarni belgilaydi, korporativ boshqaruvning eng yaxshi amaliyotlarini joriy etadi, jumladan muntazam moliyaviy va operasiyaviy hisobotlarni talab qiladi. Chiqish strategiyasining ustuvor yo‘nalishi – ulushni strategik hamkorga sotish. Muqobil variantlar – put-option, IPO va aksiyalarni ikkilamchi sotib olish. Qarorlar chiqish muddatlari, kutilayotgan daromadlilik va bozorning joriy holatini tahlil qilish asosida qabul qilinadi.
Moliyalashtirish uchun ariza topshirish uchun hujjatlarning to‘liq to‘plami kerak. U quyidagilarni o‘z ichiga oladi: mahsulot, bozor, jamoa va o‘sish strategiyasi haqida batafsil tavsiflangan loyiha biznes-rejasi, bozor tadqiqoti va texnik-iqtisodiy asos (TIA), loyiha asoslanganligi va istiqbolliligini tasdiqlovchi hujjatlar. Shuningdek, tashabbuskorning moliyaviy hisobotlari – iqtisodiy holati va barqarorligini aks ettiruvchi, tashabbuskor haqida qisqacha tuzilgan tuzilma – tajriba, loyihadagi roli va motivasiyasi keltirilgan bo‘lishi lozim.
AUIC 80 million dollardan ortiq mablag‘ni tasdiqlangan loyihalarga sarmoya sifatida kiritish jarayonida. Hozirda yangi takliflarni faol ko‘rib chiqishda davom etmoqda. Har bir loyiha to‘liq va batafsil hujjatlar to‘plami asosida individual tarzda baholanadi. Arizalarni ko‘rib chiqish elektron pochta orqali amalga oshiriladi: office@auic.uz