Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufidagi “Orolqum” milliy tabiat bog‘i hududida o‘rnatilgan fotoqopqonga noyob hayvonlardan biri — sayg‘oqlar muhrlandi.
Sayg‘oq — Qizil kitobga hamda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCH) Qizil ro‘yxatiga kiritilgan, yo‘qolib ketish xavfi ostidagi hayvon hisoblanadi.
U, asosan, Qoraqalpog‘istondagi Ustyurt platosida, Sharqiy va Janubiy Qoraqalpog‘iston hududlarida hamda Orol dengizi tubida uchraydi.
2016 yilda chegara hududlardagi ustyurt populyasiyasi soni 1 900 boshni tashkil etgan. Hozirda esa Qoraqalpog‘istonning Orolbo‘yi mintaqasi va Orol tubida yashovchi guruhlar soni taxminan 200 boshni tashkil qiladi.
Ma’lumot uchun, “Orolqum” milliy tabiat bog‘i 2022 yil 4 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida tashkil etilgan. Bog‘ hududida 25 turdagi hayvonot dunyosi vakillari yashaydi, ulardan 4 turi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.