Moldova Konstitusiyaviy sudi (KS) Gagauziya avtonom hududiy tuzilmasining (AHT) o‘z prokurorini tayinlash huquqini bekor qildi. Bu haqda KS sudyasi Domnika Manole ma’lum qildi.
Sud qaroriga ko‘ra, Gagauziyaning maxsus maqomi to‘g‘risidagi qonunning prokuraturaga oid qoidalari (21-modda), shuningdek, Moldova prokuraturasi to‘g‘risidagi qonunning bandlari (25-moddaning 3-bandi va 26-modda) Konstitusiyaga zid deb topildi.
Ushbu qaror bilan KS Gagauziya prokurorining bir qator vakolatlarini bekor qildi. Endi Moldova bosh prokurori muxtoriyat prokurorini tayinlashda uning hokimiyati bilan kelishishi shart emas.
Gagauziya ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Viktor Petrov o‘zining Telegram kanalida Moldova Konstitusiyaviy sudining Gagauziyani prokuror tayinlash vakolatidan mahrum qilish to‘g‘risidagi qarori respublika avtonomiyasining "oxirining boshlanishi" ekanligini ta’kidladi. U yana, shu tarzda butun hokimiyat tizimini buzish jarayoni boshlanganligi haqida qo‘shimcha qildi. Petrov, shuningdek, Moldova hukumati go‘yoki yagona davlat doirasidagi hamkorlik kelishuvlarini buzayotganini ta’kidladi. U shunday yozdi: "Bugun - prokuratura, ertaga - Xalq kengashi, undan keyin - Ijroiya qo‘mitasi. Maqsad oydin: muxtoriyatni mamlakatning siyosiy xaritasidan o‘chirib tashlash, uning o‘rniga faqat ko‘zbo‘yamachilik uchun bezatilgan peshlavhani qoldirish."