Osiyo iqtisodiyoti 2025 yilda 4,5 foizga o‘sadi, xarid qobiliyati paritetidagi jahon yalpi ichki mahsulotidagi ulushi esa 48,6 foizga yetadi. Bu haqda Boao Osiyo forumi hisobotida aytiladi, deb xabar beradi TV BRICS.
Xitoy, Hindiston, Vyetnam, Mo‘g‘uliston, Kambodja va Indoneziya iqtisodiy o‘sish 5 foizdan oshganda yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolishlari prognoz qilinmoqda.
Hisobotda, shuningdek, Osiyo iqtisodiyotiga kiritilayotgan xorijiy investisiyalar jahon umumiy hajmining 60 foizini tashkil etishi qayd etilgan. Investorlar uchun eng jozibador yo‘nalishlar Xitoy va Janubi-Sharqiy Osiyo Millatlar Uyushmasi (ASEAN) mamlakatlari bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, mintaqa ilmiy-tadqiqot va ishlanmalarga sarmoya kiritish va patentga berilgan talabnomalar soni bo‘yicha yetakchi hisoblanadi.
Qayd etilishicha, Osiyoning iqtisodiy integrasiyasi savdo kelishuvlari, jumladan, Mintaqaviy keng qamrovli iqtisodiy sheriklik, Trans-Tinch okeani sherikligi va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar orqali chuqurlashmoqda. Pekin Ijtimoiy fanlar akademiyasining ilmiy xodimi Van Penning aytishicha, savdo to‘siqlarining kamayishi va sarmoyaviy hamkorlikning kengayishi ham integrasiya jarayonini tezlashtirmoqda.
Hisobotga ko‘ra, Xitoy Osiyo-Tinch okeani mintaqasida savdo barqarorligini ta’minlab, global qiymat zanjirlarining asosiy bo‘g‘ini bo‘lib qolmoqda. Mamlakatda raqamli iqtisodiyotning jadal o‘sishi, elektron tijorat va mobil to‘lovlar sohasida yetakchilik, Xitoy iqtisodiyotining yuqori darajadagi ochiqligi mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.