Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva IV Toshkent xalqaro investisiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga rasmiy tashrif buyurgan Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, Bolgariya Prezidentining tashrifi ikki tomonning o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash va chuqurlashtirishga intilishini tasdiqlashini ta’kidladi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Bolgariya munosabatlari 28 ta ikki tomonlama hujjatni o‘z ichiga olgan mustahkam shartnomaviy-huquqiy asosda izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
Bolgariya Prezidenti Rumen Radev mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan Toshkent xalqaro investisiya forumining Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy rivoji hamda xalqaro investisiyaviy hamkorlik uchun muhim platforma ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Muloqot davomida parlamentlararo munosabatlarni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada parlamentlararo muloqotning o‘rni va ahamiyatiga urg‘u berilib, Bolgariya Prezidentining Oliy Majlis Senatiga tashrifi parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirishga kuchli turtki bo‘lishi qayd etildi.
Tomonlar ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shu jumladan palatalar va tegishli qo‘mitalar rahbarlari darajasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazish, parlamentlararo do‘stlik guruhlarining qo‘shma rejalarini ishlab chiqish, shuningdek, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish lozimligi haqida yakdil fikr bildirdilar.